Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasida joylashgan “Башкирская содовая компания” AJ 2015-yil 10-fevralda xalqaro ro‘yxatga olingan MBX1242730-sonli “Сода пищевая” jamlama tovar belgisining huquqiy egasi hisoblanadi. Guvohnomaga ko‘ra mazkur tovar belgisining amal qilishi O‘zbekiston Respublikasiga ham tatbiq qilinadi.
Mazkur korxona Qo‘mitaga ariza bilan murojaat qilib, Toshkent shahrida joylashgan “AZIA MATCH” MChJ tomonidan ishlab chiqarilib sotuvga qo‘yilgan isteʼmol sodasi qadog‘ining tashqi ko‘rinishi “Башкирская содовая компания” AJ tovar belgisini takrorlaganligi, bu esa o‘z navbatida jamiyatning tovar belgisiga bo‘lgan qonuniy huquqlarini buzayotganligi va unga zarar keltirayotganligi to‘g‘risida maʼlum qilib, belgilangan tartibda chora ko‘rishlikni so‘radi.
Qo‘mita tomonidan murojaatdagi holatlarni o‘rganish jarayonida Toshkentdagi “Carrefour” savdo do‘konidan xarid qilingan “AZIA MATCH” MChJ va “Башкирская содовая компания” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan isteʼmol sodalarini qadoqlash qutilari taqqoslab ko‘rilganda, ulardagi ranglar uyg‘unligi, “Сода пищевая” so‘z elementlarining hamda ular joylashuvining birxilligi mahsulotlarni qadoq qutilarini adashtirib yuborish darajasida o‘xshashligini va bu holat isteʼmolchida ushbu mahsulotlar bitta ishlab chiqaruvchiga qarashli degan tasavvur paydo bo‘lishiga imkon yaratishi mumkinligi aniqlandi.
“AZIA MATCH” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi va ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Maxsus komissiya “AZIA MATCH” MChJni O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi birinchi qismi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarini buzgan deb topdi. Ushbu qarorga asosan, “AZIA MATCH” MChJga qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Jamiyat unga berilgan ko‘rsatma talablarini ijrosini taʼminlab, foydalanilmagan qadoq qutilari makulaturaga qayta ishlashga topshirilganligi va ular maydalash yo‘li bilan yo‘q qilinganligini maʼlum qildi.