Bandixonda yirik ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi faoliyati o‘rganildi
Bandixon tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududning eksport salohiyatini oshirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Halilillo Turaxujayev Bandixon tumaniga tashrif buyurib, hudud iqtisodiyotida muhim o‘rin tutayotgan “Khilal-Vortex” MCHJ tomonidan tashkil etilgan ip-kalava ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.
Mazkur korxonada sun’iy va paxta tolasi aralashmasidan yuqori sifatli ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Loyiha nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki eksport hajmini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Korxona yiliga Bandixon va Muzrabot tumanlarida yetishtirilgan 20 ming tonna paxtani qayta ishlab, tayyor ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. To‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida 300 nafar ishsiz ayol va yoshlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Tashrif davomida korxonada yaratilgan mehnat sharoitlari, zamonaviy uskunalar asosidagi ishlab chiqarish jarayonlari ham atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O’rganish davomida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan
paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;
yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish amaliyotini nazorat qilish;
birja savdolarida narxlarning sun’iy oshirilishining oldini olish;
tadbirkorlar va klaster subyektlariga ochiq va shaffof savdo mexanizmlarini joriy etishda paxta-to‘qimachilik klasterlarining majburiyatlari tushuntirildi.
Mazkur tashrif ham hududda ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga, erkin va adolatli raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.








