Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar (Telegram kanallari)da “O‘zbekistonda AI-80 benzin sotib olishda cheklovlar joriy qilindi, bu AYoQShlarda benzin taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkin” sarlavhasi ostida aniqlashtirilmagan axborot tarqatilmoqda.
Birja savdolarida, benzinning 80 foizi 1 tn lotlarda qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tn) sotilmoqda va bugungi kunda birja savdolarida AI-80 benzinini sotib olish bo‘yicha cheklov o‘rnatilmagan.
Aksincha, agar avgust oyida jami kunlik 2,8 ming tn mahsulot qo‘yilgan bo‘lsa, oktyabr oyida esa o‘rtacha 3,2 ming tndan savdoga chiqarilmoqda, ya’ni taklif 14 foizga oshirilgan, bu esa ko‘proq xaridorlarga mahsulotni olishga imkoniyat yaratadi.
Benzinga talabning mavsumiyligini hamda narxlarning yuqori darajada tez o‘zgaruvchanligi hisobga olgan holda Qo‘mitaga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq narxlarni barqarorlashtirish maqsadida, bir savdoda mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdorini belgilash vakolati berilgan va ushbu chora mahsulotga talabning oshishi davrida bir necha yildan buyon bozor muvozanatini barqarorlashtirish uchun davlat tomonidan qo‘llab kelinadigan nomonetar vosita hisoblanadi.
Bundan kelib chiqib, joriy yilning avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tn etib belgilangan edi.
O‘z navbatida, mazkur choralar hamda taklifni oshirilishi joriy yilning sentyabr oyi oxirida hamda oktyabr oyining birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10 foizgacha pasayishiga va bir muncha barqarorlashishiga olib keldi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shuningdek jahon bozorlaridagi yuzaga kelgan salbiy tendensiyalardan (neft narxlarining oshishi, benzin eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar) kelib chiqib import narxlarining ichki bozorga ta’sirini yumshatish maqsadida 17-oktyabrdan mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 10 tngacha oshirildi.
Bugungi kunda, respublikadagi 2 mingdan ortiq AYoQShlarning 99 foizida AI-80 benzini 6800 so‘mgacha bo‘lgan barqaror narxlarda sotilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yilning 19-oktyabrida Qo‘mitada Energetika vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “SANOAT ENERGETIKA GURUHI” MChJ XK, “O‘zRTXB” AJ hamda “O‘zenergoinspeksiya” vakillari ishtirokida savdoga chiqarilayotgan benzin hajmlarini oshirish hamda narxlarini barqarorligini ta’minlash masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Bunda, ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotning qo‘shimcha hajmlarini birja savdolariga chiqarish bo‘yicha aniq choralar hamda chakana narxlarning asossiz oshishini oldini olish bo‘yicha Qo‘mitada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi va “O‘zenergoinspeksiya” bilan birgalikda respublika va hududiy ishchi guruhlar tuzilishi belgilandi.
Benzin bilan ta’minlashda, Qo‘mita tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda benzin bozorida tanqislik va ajiotajni oldini olish bo‘yicha o‘z vakolatlaridan kelib chiqib tezkor zarur choralarni ko‘rib boradi.
Bugungi kunda benzin bilan ta’minlash masalalarida ajiotajga sabab bo‘ladigan omillar mavjud emasligini ma’lum qilamiz.