Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarodan “HUMANS” MCHJ xizmatidan noroziligini bildirib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Mazkur murojaatda “HUMANS” MCHJ tomonidan taqdim etilgan plastik kartasi hisobidan asossiz tarzda 7,9 million so‘m miqdorda pul mablag‘i undirilganligi sababli, mazkur pul mablag‘lari qaytarib berilishini so‘rab, kompaniya xodimlariga murojaat qilganligi, biroq shu kunga qadar qaytarish choralari ko‘rilmaganligidan e’tiroz bildirib, ushbu holat yuzasidan amaliy yordam berishni so‘ragan.
Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida, “HUMANS” MCHJ tomonidan taqdim etilgan plastik kartasi hisobidan noma’lum sabablarga ko‘ra, asossiz tarzda 7 986 475 so‘m miqdordagi pul mablag‘i undirilganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan , “HUMANS” MCHJ “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasida hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6,19,21-moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalari va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilgan.
Ma’lumot uchun. “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasida, foydalanuvchilar telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatmaganlik yoki
lozim darajada sifatli xizmat ko‘rsatmaganlik natijasida yetkazilgan zararlarni to‘lattirish, ma’naviy ziyonni qoplatish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatilgan.
Iste’molchilaming huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga ko‘ra, Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
Ushbu Qonunning 19-moddasiga ko‘ra, Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilangan.
Bundan tashqari, Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroga asossiz tarzda undirilgan 7 986 475 so‘m pul mablag‘i karta hisobiga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.