Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining og‘ir hududlari hisoblangan Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Sho‘manoy va Mo‘ynoq tumanlarida 2019-yildan 2023-yilning 1-choragi holatiga yangidan qurilgan ko‘p qavatli turar joylar bo‘yicha isteʼmolchilarga kadastr hujjatlari ishlab chiqilishi va ro‘yxatga olinishi bo‘yicha Davlat kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasidan maʼlumotlarni so‘rab olish yo‘li bilan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan o‘rganish natijasida Boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 37-son qarori 7-bandi, i-kichik xatboshi talablariga rioya etilmaganligi natijasida Mo‘ynoq tumanida 2019-yildan boshlab 2023-yilning
1-choragi oxirigacha bo‘lgan davr oralig‘ida yangidan qurilgan ko‘p qavatli turar joylar bo‘yicha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish bo‘yicha buyurtma bergan 15 ta iste’molchidan asossiz 4 371 250 so‘m miqdoridagi to‘lovlar undirilganligi aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan Davlat kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi, uchinchi xatboshi talablari buzilganligi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Joriy yilning 5-iyul kuni ishni ko‘rib chiqish natijasida Davlat kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi, uchinchi xatboshisi talablari buzilishi holatlarini to‘xtatish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, Mo‘ynoq tumanida 2019-yildan boshlab 2023-yilning 1-choragi oxirigacha bo‘lgan davr oralig‘ida yangidan qurilgan ko‘p qavatli turar joylar bo‘yicha 15 ta iste’molchidan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishda asossiz turda undirilgan 4 371 250 so‘m miqdoridagi to‘lovlarni iste’molchilarga qaytarib berish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.