Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga ichimlik suvi, unga hisoblagichlarni o‘rnatish va qiyoslovdan o‘tkazish, shu bilan bir qatorda asossiz qarzdorliklar mazmunidagi ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, qo‘mitaning Xorazm viloyat hududiy boshqarmasiga Urganch shahrida yashovchi fuqaro Yo.I. tomonidan qoldirilgan murojaat ham aynan kommunal sohasiga tegishli.Murojaatda fuqaro foydalanilgan ichimlik suvi uchun 2023 yilning dekabr oyiga qadar oldindan 700 000 so‘mdan to‘lovni amalga oshirgani, ammo shunga qaramay, “Xorazm suv ta’minoti” MChJ tomonidan 500 ming so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblangani bildirilgan. Xo‘sh, bunday qarzdorlikni kelib chiqishida kim aybdor: ta’minotchi korxonami yoki iste’molchi?
Hududiy boshqarma tomonidan murojaatga taalluqli hujjatlar o‘rganilganda ta’minotchi korxona mazkur qarzdorlik suv hisoblagichning davlat qiyoslovdan o‘tkazish muddati o‘tib ketganligidan kelib chiqib hisoblanganini bildirdi. Haqiqatan ham, fuqaro xonadoniga o‘rnatilgan suv hisoblagichga 4 yil bo‘lgan va 2023-yil 15-oktabrda undan foydalanish muddati tugagani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda ISKX tashkiloti) suvni hisobga olish asbobining o‘z vaqtida nazoratdan o‘tkazilishi uchun iste’molchiga oldindan kamida 30 kalendar kun avval(pochta orqali, shaxsan, elektron pochta vositasida, ijtimoiy tarmoqlar yordamida va hokazo) orqali xabar berish, uni yechish, o‘rnatish ko‘rsatkichlarni nazorat qilish yuzasidan mas’ul hisoblanishi qayd qilingan. Bundan tashqari, aholiga qiyoslash muddati tugagan suvni hisobga olish asboblarini yangisiga almashtirish ISKX tashkilotining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ham qonunda mavjud.
Biroq “Xorazm suv ta’minoti” MChJ tomonidan iste’molchiga qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha umuman ogohlantirish xati berilmagan. Ikkinchidan, qarzdorlik esa hisoblagichni qiyoslovdan o‘tkazish vaqtigacha bo‘lgan davrgacha etib hisoblanmagan.
Fuqaro shunga qaramay, hisoblagichini O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining Urganch shahar filialida qiyoslovdan o‘tkazgan va 2023 yilning 4-dekabr kuni taqdim qilingan xulosada uning nosozligi bildirilgan.
Olib borilgan qayta hisob-kitoblar, metrologiya xizmatining xulosa ma’lumotnomasiga ko‘ra ushbu xonadonning foydalangan suv uchun qarzdorligi 2023-yil 1-oktabr holatiga atigi 31 557,27 so‘mni tashkil etgan. Hududiy boshqarma tomonidan “Xorazm suv ta’minoti” MChJga berilgan ko‘rsatma asosida asossiz qarzdorlik bekor qilinib, fuqaro Yo.I.ning yangi hisoblagich uchun o‘z hisobidan to‘langan pul mablag‘i qoplandi, asosiysi hisoblagich bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, rasmiylashtirib berilishi ta’minlandi.