Raqobat qo‘mitasiga AKFA universitetining “Commercial Law” (Tijorat huquqi) yo‘nalishida bir yil o‘qigan va keyingi yildan ushbu yo‘nalishda o‘qish to‘xtatib qo‘yilganligi, to‘langan pullar qaytarib berilmayotganligi to‘g‘risida 10 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022-yil 10-yanvarda turli OAVda AKFA universitetiga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul boshlanganligi to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilgan hamda reklamalarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, shuningdek “Tijorat huquqi” ta’lim yo‘nalishi uchun ham davom etayotganligi bayon qilingan. Universitetga nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan ta’lim yo‘nalishlarida “Tijorat huquqi” mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda o‘qitish uchun 2022/2023 o‘quv yilida talabalar o‘qishga qabul qilingan va 4-yillik (8 ta semestr) o‘qish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan. Talabalar 12,5 mln so‘mdan 25,0 mln so‘mgacha kontrakt to‘lovini to‘lagan (Qo‘mitaga kelib tushgan 7 ta murojaatlar bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinmagan jami mablag‘ miqdori 167.500.000,0 so‘m). O‘qish ma’lum bir muddat davom etgan. 2023-yil avgust oyida talabalarga “Tijorat huquqi” yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziya berilmaganligi sababli keyingi 2023/2024 o‘quv yilini vaqtinchalik gibrid shaklida davom ettirish yoki Xalqaro biznes ta’lim yo‘nalishida o‘qish taklif qilingan. Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan va ayrimlari boshqa ta’lim yo‘nalishida o‘qishga rozi bo‘lgan. Biroq, Universitet tomonidan bugungi kunga qadar ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagan. Mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi (xizmatning xavfsiz bo‘lishi, ijrochining g‘ayriqonuniy harakati tufayli yetkazilgan moddiy ziyoni to‘liq hajmda qoplanishi), 7-moddasi (noto‘g‘ri reklama oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplab berilmaslik), 12-moddasi (xizmatni amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan bo‘lishi), 19-moddasi (shartnoma shartlarini bajarmaslik), 21-moddasi (shartnomaga iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlarni kiritish, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish) talablari buzilganligi yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 12.10.2005-yildagi 225-sonli (10.07.2024 y. 405-sonli) qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan “CENTRAL ASIAN UNIVERSITY” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ish maxsus komissiya tomonidan arizachilar ishtirokida ko‘rib chiqildi. “CENTRAL ASIAN UNIVERSITY” MCHJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 7, 12, 19 va 21-moddalari talablari buzilgan deb topilib, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 7 nafar talaba fuqarolarga jami 167.500.000 so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish, shuningdek boshqa fuqarolarning murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Ma’lumot o‘rnida, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan (ko‘rsatmasidan) norozi bo‘lgan tomon Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Ushbu yangilik bilan boʻlishish