“AJR QORA-SEDANA” BIOLOGIK FAOL QO‘SHIMCHASI REKLAMASIDA QONUNBUZILISH HOLATLARI YUZASIDAN TEGISHLI CHORA KO‘RILDI
Ijtimoiy tarmoqlarda “AJR QORA-SEDANA” biologik faol qo‘shimchasining reklama qilingan videolari va postlarida mahsulotning turli kasalliklarga qarshi keng ta’sir doirasiga ega ekanligi haqidagi asoslanmagan da’volar tarqatilgani aniqlandi.
Xususan, mahsulot oshqozon kasalliklarini davolashi, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirishi, nafas yo‘llari kasalliklari, yo‘tal va shamollashga qarshi samarali ekanligi targ‘ib qilingan, shuningdek, ba’zi mashhur shaxslar (Sardor Rahimxon, Ravshan Komilov, Jahongir Xo‘jayev, Muhammadali Abduqunduzov, O‘tkir Shodmonov, Akmal Mirzo, Shohjahon Ergashev, Aziz Estet, Rixsitilla Abdullayev, Mirolim Qilichev, Ali Otajonov, Shahzod Sultonov va shu kabi taniqli shaxslar) tomonidan uni reklama qilish orqali aholini mahsulotning davolash xususiyatiga ishontirishga urinishlar kuzatilgan.
Raqobat qo‘mitasi so‘roviga asosan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan berilgan xulosada mahsulotning qo‘llash yo‘riqnomasidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama xabarida ko‘rsatilgan xususiyatlar bilan mos kelmasligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun: Biologik faol qo‘shimchalar(BAD) inson organizmining fiziologik holati barqaror bo‘lmagan hollarda uning funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular davolash xususiyatiga ega emas.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, BFQ reklamalari:
⏺️dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega mahsulot sifatida talqin qilinmasligi;
⏺️ ulardan foydalangan shaxslarning davolanganligi yoki ahvoli yaxshilanganligi haqidagi misollarni o‘z ichiga olmasligi;
⏺️ foydalanuvchilarning minnatdorlik bildiruvlarini aks ettirmasligi;
⏺️ sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
⏺️ tadqiqotlar va davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlardan dori vositasiga nisbatan afzallik sifatida foydalanmasligi;
⏺️ bolalar tasviridan foydalanmasligi shart.
Shuningdek, BFQ reklamalari doimo “mahsulot dori vositasi emas” degan ogohlantiruvchi matn bilan berilishi hamda BFQ bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi taqiqlanishi belgilangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “SANNO TM OCEAN” MCHJga (AJR QORA-SEDANA) nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi va qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








