Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan gaz ballonlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari o‘tkazildi. Samarqand viloyati Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining iste’molchilarga gaz ballonlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, gaz ballonlarining har biri 20 kg.dan suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan holda iste’molchilarga yetkazib berilgan bo‘lsa-da, iste’molchilardan gaz ballonlarini qaytarib olishda ballonlarda qolgan suyultirilgan og‘ir gaz qoldiqlari inobatga olinmaganligi natijasida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi 2-xatboshi talablariga amal qilinmaganligi holatlari qayd etildi. Yuqoridagilarga ko‘ra, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘tgan davr mobaynida jami 218,437 tonna iste’mol qilinmagan suyultirilgan gaz uchun iste’molchilardan jami 250 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olinganlik holati aniqlanib, hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan asossiz olingan 250 mln so‘mga yaqin daromadni iste’molchilarga qaytarish va mazkur qonun buzilish holatlari kelgusida takrorlanmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Qashqadaryo viloyati Qashqadaryo viloyatida “Hududgaz Qashqadaryo” AJ tomonidan 2024-yil holatiga ko‘ra 586 568 ta xonadon jami 772 060 dona gaz ballonlari bilan ta’minlangan bo‘lsada, ayrim muammolar hali hanuzgacha bartaraf etilmaganligini guvohi bo‘lmoqdamiz. Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga joriy yil davomida 46 ta, iyul-avgust oylarida esa 15 ga yaqin suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish hamda gaz ballon bilan ta’minlash to‘g‘risida murojaatlar kelib tushgan. Yuqoridagi murojaatlarda keltirilgan vajlar bo‘yicha hududiy boshqarma «Hududgaz» AJ bilan hamkorlikda o‘rganish va tahlil ishlari olib borildi. Natijada, hududiy boshqarmaga kelib tushgan 46 ta murojaatning barchasi ijobiy hal etildi, aholiga suyultirilgan gaz ballonidan foydalanish qoidalari va talablari bo‘yicha ogohlantirish berildi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qo‘mita tomonidan respublikamizning boshqa hududlarida xam bu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Ushbu yangilik bilan boʻlishish