Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “O‘zenergoinspeksiya” Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida joylarda yoqilg‘i mahsulotlarining sifatini o‘rganish bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ish yurituvchi “RAFS” SIChK, “RUXSHONA HAMID” MChJ, “SUVINSHOATGAZQURILISH” XK, “IMKON-XAMKOR” XK, “РУСЛАН” FX, “TO‘RTKO‘LLI BUNYOD OIL” MChJ hamda “GULNORA GAZ SERVIS” MChJlarga qarashli AYoQShlarda o‘rganishlar o‘tkazildi.
Ushbu yonilg‘i quyish shoxobchalaridan benzin mahsulotlari xarid qilinib, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etildi. Laboratoriya tahlillari 7 ta xizmat ko‘rsatuvchi shOxobchaning benzin mahsulotlarini sifatsizligi bo‘yicha o‘z xulosasini bergan.
Mazkur xulosaga ko‘ra yonilg‘i quyish shoxobchalaridan namuna olingan AI-92 benzinning tarkibidagi Oktanning normativ hujjat talabiga ko‘ra 92,0 bo‘lishi kerakligi, lekin tekshirish natijasida ushbu ko‘rsatkich shoxobchalardan olingan namuna yoqilg‘i mahsulotlarida 90 ga ham yetmaganligi, O‘zDst 3031:2015 1-1-bandi talabiga javob bermasligi xulosa qilingan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda AYoQShlar tomonidan 2023-yil AI-92 markali sifatsiz jami 26 ming litrdan ziyod avtobenzin sotilganligi, buning natijasida iste’molchilarga jami 277 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddasi talabi buzilishi holatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qaror, ko‘rsatmalar berildi.
Raqobat qo‘mitasi boshqa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda bu kabi nazorat tadbirlarini respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazib kelmoqda.