O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 462-son qaroriga ko‘ra Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Shu bilan birga, davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholashning asosiy mezonlari aniq belgilab qo‘yildi.
Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida nazarda tutilgan davlat yordamining raqobatga ta’siri quyidagi oqibatlarning biriga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lganda, uning ta’siri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
🔘davlat yordami yagona xo‘jalik yurituvchi subyektga yoki ayrim shaxslar guruhiga berilsa;
🔘davlat yordami faqat davlat ishtirokidagi korxonalarga yoki mahalliy korxonalar yoxud xorijiy investorlarga berilsa;
🔘barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat yordamidan teng foydalanish imkoniyati cheklansa;
🔘davlat yordamini berish tartibi mavjud bo‘lmasa va shaffofligi ta’minlanmagan bo‘lsa;
🔘davlat yordamining berilishi tovar va moliya bozorida narxlarning erkin shakllanishiga to‘sqinlik qilsa;
🔘davlat yordamini muddatsiz berish nazarda tutilgan bo‘lsa;
🔘berilayotgan davlat yordami avval samarasiz deb baholangan bo‘lsa;
🔘vakolatli organ tomonidan davlat yordamining berilishi Davlat byudjeti taqchilligini keltirib chiqarishi yoki ijtimoiy maqsadlar uchun yo‘naltiriladigan davlat yordamining miqdori qisqarishiga olib kelishi bo‘yicha xulosa berilgan bo‘lsa.
Yangi tartibga ko‘ra, vakolatli organ tomonidan davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholashdan o‘tkazish va xulosa olish uchun kiritilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va tartibga solish ta’sirini baholash hisoboti o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi va tartibga solish ta’sirini baholash hisoboti yuzasidan vakolatli organning xulosasi loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi lozim.








