Quyidagilar bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etish;
Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish;
Qo‘mitaning norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tarkibiy tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish;
Qo‘mita xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazishda ishtirok etish;
shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, Qo‘mitaning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlash.
Bo‘lim o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) Qo‘mitaning huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etish sohasida:
a) Qo‘mitada, shuningdek tegishli tuzilmalarda qonun buzilishlarini, ularning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritadi, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
b) Qo‘mita rahbariyatiga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, viza qo‘yadi. Bunda loyihalarga Yuridik ta’minlash bo‘limi tomonidan Qo‘mitaning boshqa tarkibiy tuzilmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo‘yiladi;
v) jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ta’sir etadigan Qo‘mitaning qarorlari yuzasidan xulosalar beradi;
g) mustaqil ravishda yoki boshqa tuzilmalar bilan birgalikda Qo‘mitaning buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlarini ishlab chiqish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;
d) Qo‘mitada, shuningdek tegishli tuzilmalarda huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganadi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va rahbariyatga kiritadi;
ye) Qo‘mitaning boshqa tuzilmalari bilan birgalikda davlat organi, tegishli tuzilmalar va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikning buzilishi ko‘rsatilgan arizalar, takliflar va shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi;
j) Qo‘mitada boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat organi tizimiga kiradigan tuzilmalar va ularning mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
z) Qo‘mitada mehnat haqidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashda, shu jumladan mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni (mehnat shartnomasi, jamoa shartnomasi, jamoa bitimi va boshqalarni) ishlab chiqishda ishtirok etadi, ushbu hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi va huquqiy xulosa beradi;
i) Qo‘mita rahbariyatiga davlat organi va tashkiloti faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash ahvoli yuzasidan hisobot taqdim etadi;
k) Qo‘mita xodimlarining kasaba uyushmalari va boshqa vakillik organlariga vakolatlarini amalga oshirishda yuridik yordam ko‘rsatadi;
2) Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish, shuningdek Qo‘mitaning qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida uning tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish sohasida:
a) Qo‘mitaning norma ijodkorligi faoliyatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida, amalga oshirilishi va bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etadi;
b) Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoxud ishlab chiqishda ishtirok etadi;
v) Qo‘mitaning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqadi yoxud ularni ishlab chiqishda hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va davlat ro‘yxatiga olish uchun yuborishda ishtirok etadi;
g) ekspertizadan o‘tkazish yoki kelishish uchun taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil yoki boshqa tuzilmalar bilan birgalikda huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, ularning qonunchilikka, qonunchilik texnikasi qoidalariga, havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi, shuningdek ularda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarning mavjud emasligi yuzasidan huquqiy xulosalar tayyorlaydi;
d) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, ularga viza qo‘yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan Qo‘mitaning boshqa tarkibiy tuzilmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo‘yiladi;
ye) tizimli ravishda Qo‘mitaning tegishli soha faoliyatidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarida korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarni aniqlashga qaratilgan tahlilni o‘tkazadi;
j) Qo‘mita faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
i) Qo‘mitaning normativ-huquqiy hujjatlar fondini to‘ldirish, shu jumladan fondni kodekslar, qonunlar, sharhlar, axborotnomalar va boshqa huquqiy nashrlar bilan butlash choralarini ko‘radi, Qo‘mita rahbariyatiga huquqiy nashrlarga obuna bo‘lish haqida takliflar kiritadi;
k) Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari to‘plamlarini nashr etishga tayyorlaydi;
l) Qo‘mita tizimiga kiradigan tuzilmalarning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, kelishilgan hamkorlikni ta’minlaydi;
m) Qo‘mita tizimiga kiradigan tuzilmalarning huquqiy ishlariga metodik yordam ko‘rsatadi, yuridik xizmat faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyanomalar va ko‘rsatmalarni ishlab chiqadi;
3) Qo‘mita xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazish sohasida:
a) Qo‘mita rahbariyati uchun qonunchilik masalalari bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi;
b) Qo‘mita, shuningdek uning tizimiga kiradigan tuzilmalar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida takliflar kiritadi, ushbu tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etadi;
v) Qo‘mita faoliyatiga tegishli qonunchilikni targ‘ib qilish ishlarini amalga oshiradi;
g) zudlik bilan Qo‘mita axborot xizmatiga Qo‘mitaning veb-saytiga joylashtirish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning mazmun va ahamiyati to‘g‘risida ma’lumotlar kiritadi;
d) Qo‘mita xodimlarining murojaatlari bo‘yicha ularga Qo‘mita faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishga ko‘maklashadi, zarur hollarda ularning qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
ye) qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni, sud amaliyotini, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ishlarga taalluqli ko‘rsatmalarini Qo‘mita tizimiga kiradigan tuzilmalarga yetkazadi;
4) shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, Qo‘mitaning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlash sohasida:
a) Qo‘mita, shuningdek fuqarolar bilan nizolar vujudga kelganda, mustaqil yoki boshqa tarkibiy tuzilmalar bilan birgalikda ularni sudgacha hal etish choralarini ko‘radi;
b) boshqa tuzilmalar bilan birgalikda Qo‘mita tomonidan shartnomalarni tayyorlash va tuzish ishlarida ishtirok etadi, ularning qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi hamda shartnomalar loyihalariga, agar e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, viza qo‘yadi. Bunda loyihalarga Yuridik ta’minlash bo‘limi tomonidan Qo‘mitaning boshqa tarkibiy tuzilmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo‘yiladi;
v) shartnomalarni tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
g) Qo‘mita tomonidan tuzilgan shartnomalarni zarur darajada bajarish bo‘yicha takliflar kiritadi, shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
d) Qo‘mitaning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha talabnomalar tayyorlashda va davlat organi va tashkilotiga nisbatan bildirilgan talabnomalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, Qo‘mitada talabnomalar bildirish va ularni ko‘rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
ye) tegishli tuzilmalar bilan birgalikda Qo‘mitaning debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o‘rganadi, ularning miqdorini kamaytirish choralarini ko‘radi;
j) shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan da’vo ishlarini olib boradi;
z) Qo‘mitaning mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashda hamda belgilangan tartibda sud majlislarida ishtirok etadi;
i) mulkni saqlash masalalari bo‘yicha huquqiy tusdagi hujjatlar loyihalarining qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi va ularni tayyorlashda ishtirok etadi;
k) boshqa tarkibiy tuzilmalar bilan birgalikda Qo‘mitada mulkning talon-toroj qilinishi, kamomad va noishlab chiqarish xarajatlarining kelib chiqishi sabablari va sharoitlarini tahlil qiladi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi, mulkning talon-toroj qilinishi va kamomad holatlari bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun rasmiylashtiradi;
l) moddiy boyliklar va pul mablag‘larini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi hujjatlar loyihalari, shuningdek qonun buzilishlari va suiiste’mollar aniqlangan auditorlik tekshiruvlari va xatlovdan o‘tkazish dalolatnomalari bo‘yicha huquqiy xulosalar beradi.
Qo‘mitaning yuridik xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
Yuridik ta’minlash bo‘limi va uning xodimlariga Nizomda yoki boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.