Insonning hayotdagi salomatligi katta baxtdir. Afsuski, atrofimizda sog‘ligida muammosi bor insonlar ham uchraydi. Ular ko‘pincha yashash, ta’lim olish va mehnat qilish jarayonida ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj bo‘ladilar. Ularga imkon qadar muruvvat va ko‘mak ko‘rsatish har birimizning burchimizdir. Lekin ayrim hollarda bu masalada ham tortishuvlar kelib chiqadi. Ushbu mavzuga oid muammoni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakillari ijobiy hal qilishda bosh-qosh bo‘lishdi.
— Farzandim nogironligi sabab “MINGBAEV’S ACADEMY OF ROBOTICS” OKga shartnoma asosida bionik protez qo‘l uchun buyurtma bergan edim. Buyurtma 90 kun ichida keldi, ammo oradan 10 kun vaqt o‘tmay protez to‘satdan ishlamay qoldi va qo‘lning kaft qismi umuman ochilib, yopilmadi. Protez mutaxassis tomonidan tekshirib ko‘rilganda, sensor qismini quvvatlaydigan batareyalar to‘g‘ri zaryadlanmagan deb topildi. Bundan tashqari, qo‘llariga ehtiyoji katta bo‘lgan o‘quvchi dars jarayonlarida oylab undan foydalana olmadi. Xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga qo‘ng‘iroq qilib, farzandim taqib yurgan protez qo‘l funksiyasi kamligi uchun umuman organizmiga moslashmayotganligi, o‘rniga ko‘p funksiyali protez tayyorlab berishlarini so‘radim.
Ikki o‘rtada shartnoma tuzish vaqtida xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan protezlar va ularning har bir bemor uchun individual bo‘lishi, muddati va narxi haqida batafsil ma’lumot berilgan. Bu murakkab moslama, ayniqsa kichik yoshdagilar undan foydalanishi qiyin kechadi. Protez organizmga moslashgunga qadar bir yil davomida ota-onalarga tegishli tavsiyalar berib turilishi, texnik nosozliklar bo‘lsa, bepul ta’mirlab berilishi, xullas doim mutaxassis nazoratida bo‘lishi haqida va’dalar berilgandi, biroq… Oilaviy korxona tomonidan faqat “yangi model uchun vaqt kerak, bitay deb qoldi, texnik testlardan o‘tishi kerak” kabi bahonalarni eshitdim, xolos…
N.G‘. Toshkent viloyati
SAHIFA EKSPERTI:
Umida MANSUROVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi
— Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaat Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar jarayonida haqiqatan ham murojaat oylar davomida yechilmay kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada iste’molchiga protez uchun to‘langan 62 mln 552 ming so‘m mablag‘ “MINGBAEV’S ACADEMY OF ROBOTICS” OK tomonidan qaytarib berilishiga erishildi.