Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi shaffoflik va raqobat muhitini ta’minlash maqsadida olib borilgan o‘rganishlari natijasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, korporativ buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlari jarayonida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda harakat qilingani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, “FIRDAVS-N GRAND” MChJning murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida “ISSIQLIK TA’MINOTI” MChJ tomonidan boshlang‘ich qiymati 750 mln so‘mga yaqin bo‘lgan tanlov savdosida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani aniqlandi.
Tekshiruv davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun raqobatni sun’iy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgani, tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar to‘liq va xolis baholanmagani, shuningdek, baholash jarayonida qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani tasdiqlandi.
Shuningdek, “QIZILQUM FOSFORIT KOMPLEKSI” MChJda olib borilgan o‘rganish jarayonida boshlang‘ich qiymati taxminan 2 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 3 ta tanlov savdosida ham qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Ushbu hollarda xarid jarayonida raqobatni cheklovchi talablar kiritilgani, ayrim ishtirokchilar o‘rtasida afillanganlik (ya’ni, o‘zaro bog‘liqlik va manfaatdorlik) holatlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlar va ularga muvofiq qabul qilingan qonunosti hujjatlar talablarini ochiq ravishda buzish hisoblanadi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan yuqoridagi subyektlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari sohasida ochiqlik, xolislik va teng sharoitda raqobat muhitini ta’minlash maqsadida bunday qonunbuzarliklarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni davom ettiradi.