Tabiiy monopoliya subyektlarining faoliyatini tartibga solib borish, ularning mazkur sohadagi tabiiy monopoliya holatidan foydalanib, ustun mavqeni suiste’mol qilmasligi uchun Monopoliyaga qarshi organ tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog’iston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmlari va qo’llanilgan tariflarning qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o’rganish o’tkazildi.
O’tkazilgan o’rganishlar natijasida, amaldagi qonunchilik hujjatlarida elektr energiyasi ta’minotida zarur bo’lgan vositalarni o’rnatish “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” AJga yuklatilgan bo’lsada, o’zining tabiiy monopoliya subyekti ekanligidan foydalanib, ushbu vositalar fermerlardan undirilayotganligi, ya’ni 170-ta tadbirkorlik subyektlaridan 2,3 mlrd.so’mga yaqin mablag’ undirish holati aniqlandi.
Mazkur holat bo’yicha Qo’mita tomonidan “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ish qo’zg’atilib, tegishli choralar ko’rildi.
Bugungi kunda ushbu qonunga zid ravishda olingan 2,3 mlrd.so’mga yaqin mablag’lar fermerlarga qaytarish (qayta hisob-kitob) ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun: “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qo’mita tomonidan qabul qilingan qaror bo’yicha sudga da’vo ariza kiritgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo’yicha sudlov hay’atining qarori bilan kassatsiya shikoyati Qoraqalpog’iston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi foydasiga hal qilingan.