O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-6019-son Farmoniga hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi “Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 114-son qaroriga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan tajriba (sinov) tariqasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish belgilangan.
Raqobat to‘g‘risidagi qonun talablarining buzilish xavfining oldini olish va biznes yuritishning korporativ standartlarini joriy etishga oid samarali tizimni tashkil etish maqsadida 2021-yil davomida sinov tariqasida “Uzbekistan Airways”, “Kvarts”, “Asaka bank”, “UzAuto motors”, “O‘ztransgaz”, “Navoiazot”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Qizilqumsement” hamda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlarida, shuningdek, 14 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va 22 ta davlat boshqaruvi organlarida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy qilindi.
Mazkur ko‘rsatib o‘tilgan subyektlarda monopoliyaga qarshi komplaens tizimini joriy etish, uning faoliyat yuritishini ta’minlash va monitoring qilish maqsadida vakolatli shaxs (bo‘linma) tayinlandi hamda faoliyatda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish xavflarini kamaytirish maqsadida bir yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu bilan birga, joriy yilda 17 ta tabiiy monopoliya subyektlarida, 36 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi subyektlarda, shuningdek 19 ta oxirgi uch yilda tovar sotishdan olingan jami tushumining o‘rtacha yillik miqdori 30 milliard so‘mdan oshadigan korporativ buyurtmachilarda monopoliyaga qarshi komplaens tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etib o‘tilgan subyektlarda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish xavflarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari Qo‘mita tomonidan doimiy o‘rganilib, samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab boriladi.