2025-yilning birinchi choragida Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni aniqlash maqsadida mamlakat miqyosida keng ko‘lamli nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Bu tadbirlar doirasida 205 turdagi mahsulotlar turli savdo nuqtalaridan xarid qilindi hamda ular belgilangan laboratoriyalarda ekspertizadan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 30 nomdagi mahsulot turlari amaldagi normativ hujjatlarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Ularning 33,3% osh tuzi, 10% kolbasa, 13,3% sut va sut mahsulotlari hamda 43,4% boshqa turdagi mahsulotlardir. Ushbu mahsulotlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rildi va tegishli tashkilotlarga ma’lumotlar yuborildi.
Hududiy kesimda aniqlangan asosiy qonunbuzilish holatlari
Toshkent viloyati
Nazorat tadbiri davomida “TRENDMEAT” MChJning “Hislat Kopchenoe Myaso Yangilik” dudlangan go‘sht mahsulotida ishlab chiqarilgan sana ko‘rsatilmagan. MChJga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilib, ko‘rsatma berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
“Aruxan” osh tuzining yod darajasi talabga javob bermasligi aniqlandi. 250 dona mahsulotga oid dalolatnoma rasmiylashtirilib, sotuvchiga ko‘rsatma berildi.
Qashqadaryo viloyati
“Flash Up” energetik ichimligi, “Santal” suvi va tuzlangan bodring mahsulotlari xarid qilinib, sifati o‘rganish uchun laboratoriyaga yuborildi.
Namangan viloyati
“IMRON REVER GROUP” MChJning “Mo‘’jiza” pishlog‘i va “Farangiz” O.K.ning “Chyorniy prins” qandolat mahsulotlari sifatsiz deb topildi. Qonun buzilishi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Jizzax viloyati
Sh.RaShidov tumanida sotilayotgan “Okean” tuzi iste’molga yaroqsiz deb topildi va savdodan olib tashlandi.
Farg‘ona viloyati
“ALOHIDA” kolbasa va “DIRAN” tomat pastasi mahsulotlarida texnik reglamentlarga rioya qilinmagan. Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli organlarga ma’lumot berildi.
Surxondaryo viloyati
15 turdagi mahsulot bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda 11 turdagi mahsulotning yaroqlilik muddati o‘tib ketgani ma’lum bo‘ldi. 4 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud orqali jarimalar qo‘llanildi.
Samarqand viloyati
“Platium Metal Industri” MChJ ishlab chiqargan armatura sifatsiz deb topildi va 14 mln so‘mdan ortiq jarima qo‘llanildi.
Xorazm viloyati
“Flavis mojito strawberry”, “Pure Ginsenc energy” va “Objarennaya kilka v tomatnom souse” mahsulotlarida qadoqlash va tamg‘alash talablari buzilgan. Import qiluvchi haqida ma’lumotlar yo‘qligi qayd etildi.
Navoiy va Buxoro viloyatlari
Metall prokati, sement va turli ichimliklar sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Mazkur mahsulotlarning texnik hujjatlarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizalar amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan nazorat xaridlari uchun Andijon shahridagi «D.S.A.» MChJga qarashli savdo do‘konidan quruq sut, yarim tayyor xamir mahsulotlari, yogurt va sariyog‘lardan, shuningdek, “A.P.”ga tegishli savdo nuqtasidan yarim tayyor chuchvara va sut mahsulotlaridan namunalar xarid qilindi. Mazkur mahsulotlar amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida laboratoriya tahliliga topshirildi.
Ushbu nazorat tadbirlari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, salomatlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida muhim ahamiyatga ega. Qo‘mita va hamkor idoralar tomonidan kelgusida ham bunday tadbirlar muntazam amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.