Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiya holatlarini oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi PF-5729-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2019-yil 5-iyuldagi 68-P-sonli buyrugʻi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi masalalar Qoʻmitaning Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish boshqarmasiga yuklatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-5618-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2752-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27.05.2019-yildagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Qoʻmitaning 30.08.2019-yildagi 96-P-sonli buyrugʻi bilan Qoʻmita tizimida korrupsiyaga qarshi ichki Komissiya tuzilgan.
“Harakatlar strategiyasi”, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-sonli Farmoni, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda dasturiy hujjatlaridagi oʻzaro mushtarak maqsad va vazifalarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolangan.
Shu bilan birga, tizim xodimlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Ichki nazorat qoidalari va Qoʻmita tizimida korrupsiya xavfiga eng koʻp moyil boʻlgan faoliyat yoʻnalishlari va lavozimlari roʻyxati shakllantirilgan va tegishli buyruq bilan tasdiqlangan.
Bundan tashqari, Qoʻmitaning 15.12.2020-yildagi 164 k-LS-sonli buyrugʻiga asosan Qoʻmita va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tizimidagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish uchun tanlov asosida saralab olish toʻgʻrisidagi Tartib” tasdiqlangan hamda 2021-yil
1-yanvardan boshlab mavjud vakant lavozimlarga xodimlarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti joriy etilgan.
Oʻz navbatida, Qoʻmita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish, bu borada belgilangan vazifalar korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida, Qoʻmitaning 21.05.2021-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 72-ShT-sonli buyrugʻiga asosan Qoʻmita markaziy apparati tuzilmasida Ichki audit, korrupsiyaga qarshi komplayens va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boshqarmasi tashkil etilgan boʻlib, boshqarmaning Nizomi va xodimlar lavozim yoʻriqnomasi tasdiqlangan.
Shu bilan birga, huquqbuzarliklar va ularga sharoit yaratuvchi omillar haqidagi xabarlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va oʻz vaqtida oldini olish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha “ishonch telefoni” (71-207-49-00) faoliyati yoʻlga qoʻyilgan va nizomi tasdiqlangan. Ushbu nizomda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq arizalarni qabul qilish, Qoʻmita tizimidagi korrupsiya bilan bogʻliq shikoyatlar koʻrib chiqish tartibi belgilangan. Qoʻmitada korrupsiyaga qarshi kurashishga oid anonim shikoyatlar uchun alohida elektron pochta (acc@antimon.gov.uz) hamda @ACRUantic_bot telegram kanali yaratilib, oʻz faoliyatini belgilangan tartibda olib bormoqda. Shu bilan birga, Qoʻmitaning “Facebook”dagi rasmiy sahifasida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid materiallar joylashtirib boriladi.
Qoʻmitaning tegishli buyrugʻiga asosan Qoʻmita va uning tarkibiy tuzilmalarida manfaatlar toʻqnashuvini boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisidagi Nizomi, Qoʻmitaning korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati, xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari, odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari oʻtkazish boʻyicha Reglamenti, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish Yoʻriqnomalari tasdiqlangan. xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, kontragentlarni oʻrganishga oid yoʻriqnoma, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar va manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va koʻrib chiqish reglamentlari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
Shuningdek, bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan BMT TDning “Oʻzbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi bilan birgalikda ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi standartidan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi tavsiyaviy hujjatlar toʻplamidan foydalangan holda Qoʻmita tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Uslubiyoti, kontragentlarni oʻrganishga oid yoʻriqnoma, aloqa kanallari orqali korupsiyaviy xatti-harakatlar va manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va koʻrib chiqish reglamentlari ishlab chiqilgan va tizimga mutanosib ravishda tatbiq etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida samarali ishlar amalga oshirilishi natijasida, 2022-yil davomida sohada korrupsiya holatlari yuz bermadi.
- Ichki audit.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6300-son Farmoni ijrosini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 402-son Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida hamda sohani tartibga soluvchi boshqa normativ hujjatlar ijrosi boʻyicha hududiy boshqarmalar faoliyati samaradorligi, moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish maqsadida, oʻtkazilgan xavf-xatarlar tahliliga asosan Qoʻmita tomonidan 2022-yilda Qoʻmitaning Andijon, Qashqadaryo, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida ichki audit tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan va oʻrnatilgan tartibda mazkur reja Hisob Palatasi bilan kelishilgan. Rejaga asosan Qoʻmitaning Andijon, Qashqadaryo, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari hududiy boshqarmasida faoliyati samaradorligi, moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha tekshirishlar oʻtkazilgan va bir qator kamchiliklar aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha mas’ul shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan boʻlib, kelgusida bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻymasliklari boʻyicha koʻrsatmalar berilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qarorining 7-ilovasiga muvofiq, Qoʻmitaga 13 ta birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning 2022 — 2024-yillar uchun budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlari tasdiqlangan.
Unga muvofiq, Qoʻmitaga Tadbirkorlar va isteʼmolchilarga tovar va moliya bozorlariga kirish uchun teng sharoitlarni taʼminlash va raqobat cheklanishining oldini olish va ularning manfaatlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi 4 ta yoʻnalishdan iborat Yakuniy natija koʻrsatkichlari va 9 ta yoʻnalishdan iborat Bevosita (toʻgʻridan-toʻgʻri) natija koʻrsatkichlari tasdiqlangan.
Yuqoridagi qarorga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan rivojlanish dasturining 2022-yilda erishiladigan yakuniy natija koʻrsatkichlari rejasiga asosan Qoʻmita hamda hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari boʻyicha maʼlumotlar tayyorlanib har chorakda muntazam ravishda Oliy Majlis va hukumatga taqdim etiladi.
Yuqoridagi qarorga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan rivojlanish dasturining 2022-yilda erishiladigan yakuniy natija koʻrsatkichlari rejasiga asosan Qoʻmita xamda hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari boʻyicha maʼlumotlar tayyorlanib har chorakda muntazam ravishda Oliy Majlis va hukumatga taqdim etiladi.
3.Huquqni qoʻllash amaliyoti.
Qoʻmita Hayʼatining 2021-yil 29-noyabrdagi 51-05 QR-sonli qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida Qoʻmita tizimidagi maxsus komissiyalar tomonidan koʻrib chiqilgan ishlar ustidan qilingan shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha Appelyatsiya kengashi tuzilib, uning tarkibi va reglamenti tasdiqlandi va oʻrnatilgan tartibda ish faoliyatini olib bormoqda.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi topshirigʻiga asosan, Qoʻmita tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun va meʼyoriy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish uchun muntazam ravishda Adliya vazirligiga yuborilmoqda.
Shuningdek, Qoʻmita faoliyatining ochiqligini, shaffofligini va jamoatchilik muhokamasini taʼminlash maqsadida Qoʻmita tomonidan ishlab chiqilayotgan har bir normativ-huquqiy hujjatlar www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirib borilmoqda.