Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo hududiy boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-noyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-413-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyatidagi mavjud issiqlik elektr stansiyalari va markazlaridan issiqlik energiyasi olib faoliyat yuritadigan issiqxonalarga energiya yetkazib berishda «sun’iy» vositachilar paydo bo‘lishi va narxlarning asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida “Muborak IEM» AJ asosiy faoliyati elektr energiya ishlab chiqarish bo‘lsada, qo‘shimcha daromad olish va oziq ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020-2022-yillar davrlarida 3 ta tadbirkorlik subyektlariga issiqxonalarni isitish uchun issiqlik energiyasi (issiq suv) yetkazib bergan.
Shundan «Muhammad Nazar Qodir» MChJ tomonidan issiqlik energiyasi(issiq suv) 49 ta issiqxonasi mavjud tadbirkorlik subyektlariga qayta sotilganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi idoralararo tarif komissiyasining bayonnomalari bilan “Muborak IEM» AJ ning bir Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish tariflari hamda barcha o‘lchamlardagi issiq suv va bug‘ni oladigan teplitsa-issiqxona xo‘jaliklari tariflari belgilangan bo‘lsada, «Muhammad Nazar Qodir» MChJ tomonidan 2020-2022-yillar kuz va qish mavsumida issiq suv holidagi issiqlik energiyasidan foydalanish to‘g‘risidagi tuzilgan shartnomalar bo‘yicha qayta tadbirkorlik subyektlariga sotishda belgilangan narxlarni oshirib qo‘llanilganligi aniqlangan.
Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan mazkur qonunbuzilish holati ko‘rib chiqilib, tadbirkorlarga 1,67 mlrd so‘mlik ortiqcha hisoblangan mablag‘ qaytarilishi ta’minlandi.
Natijada, og‘ir cho‘l sharoitida mashaqqat bilan issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 49 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada rivojlantirish va ular tomonidan mamlakatimiz ichki bozorini arzon mahsulotlar bilan ta’minlash hamda chet elga eksport qilish ko‘rsatkichlarini o‘sishiga erishiladi.