Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Uzbekistan Airports” AJga tegishli “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ hududidagi avtoturargohlar uchun to‘lovlar miqdori oshirilganligi, shuningdek, aeroport hududida faqat yagona taksi xizmati yo‘lga qo‘yilishi natijasida boshqa tadbirkorlik subyektlari kirishiga sunʼiy to‘siqlar qo‘yilganligidan noroziliklar bildirilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Qo‘mita tomonidan tadbirkorlik subyektlari va isteʼmolchilar manfaatlarini ko‘zlab, qolaversa sohada raqobat muhitini taʼminlash maqsadida tegishli ishlar amalga oshirildi.
O‘rganishlar davomida quyidagilar aniqlangan, haqiqatdan ham “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatoriga faqat bitta tadbirkorlik subyektiga tegishli avtomobillarning kirishiga shart-sharoit yaratib berilganligi, ushbu subyektdan to‘lovlar undirilmayotganligi, unga tashish uchun qatʼiy belgilangan tarif qo‘llanilishi va har qanday narxlar o‘zgarishlari kelishilishi belgilanganligi, shuningdek “texnik topshiriq” shartlari talabiga mos keluvchi litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning avtomobillarini ushbu hududga kiritmayotganligi hamda aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorining oshirilishi orqali ushbu sohada raqobatning cheklanishi holati sodir etilganligi aniqlangan.
Ushbu holatlar, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisida, tabiiy monopoliya subyektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish man etilganligi va O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 11-moddasi uchinchi qismida, yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi, agar bunday muvofiqlashtirish ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, taqiqlanishi belgilanganligi qoidalariga nisbatan noqonuniy harakat hisoblanadi.
Yuqoridagi holat bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi 2022 yil 23 dekabrda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 11-moddasi uchinchi qismi talablari buzilgan deb qaror qilgan va “Uzbekistan Airports” AJga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Mazkur qaror asosida, “Uzbekistan Airports” AJga quyidagi mazmundagi majburiy ko‘rsatmalar berilgan:
– tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berilishini taʼminlash;
– yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan, unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qatʼiy belgilangan tariflar qo‘llanilishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airports” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
– yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar mavjudligi to‘g‘risida isteʼmolchilarni xabardor qilinishini taʼminlash;
– aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shu o‘rinda, “Uzbekistan Airports” AJ Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilgan.
Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 2023 yil 28 martdagi hal qiluv qarori bilan “Uzbekistan Airports” AJ shikoyati rad etilib, Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan. Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airports” AJning apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, 2023 yil 12 iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etildi.
Shuni alohida taʼkidlab o‘tmoqchimizki, Raqobat qo‘mitasi barcha instansiyasi sudlarida sohada raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kurashishga doimo tayyor.