21-23-oktabr kunlari Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida xalqaro reklama konferensiyasi, ABC show, eng yaxshi reklama tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi, shuningdek, brending ekspertlarining mahorat saboqlari va birinchi “TAF!OpenDay” bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Marketing Uyushmasi tomonidan respublikamizda reklama bozorini va zamonaviy marketing xizmatlari koʻrsatish darajasini yanada oshirish maqsadida 2016-yildan buyon tashkil qilinayotgan “ADWEEK” reklama va marketing haftaligini oʻtkazishda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Tadbirni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shahrux Sharaxmetov va O‘zbekiston Marketing uyushmasi raisi Diyor Mirzaahmedov ochib berdilar.
Xalqaro “TAF!22” reklama festivalida Oʻzbekiston, Singapur, BАА, Rossiya, Belarus va ozarbayjonlik jahon brendlari bilan ishlovchi va xalqaro festivallarda eng yuksak sovrinlarni qo‘lga kiritgan mashhur ekspertlar ishtirok etib, marketing sohasidagi asosiy tendentsiyalar bilan tanishtirdilar.
Xalqaro reklama festival doirasida “TAF!22” eng yaxshi reklama tanlovi bo‘ldi. Unda xalqaro va mahalliy 147 ta brend va 56 ta agentlikning 268 ta loyihasi qatnashdi. Xalqaro reklama konferentsiyasi yakunida “TAF!22” eng yaxshi reklama tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.