Ko‘chalardagi ko‘plab peshlavhalarda ayollar sartaroshxonasi, manikyur, pedikyur xizmatlari ro‘yxatida kosmetolog xizmati ham bor. Bugungi kunda kosmetologiya terini ortiqcha yog‘lardan tozalash, piling, yuz massaji, lazerli epilyatsiya, botoks, mezoterapiya va plastik kabi xizmatlarni o‘z ichiga olgan. Bunday muolajalar malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
Achinarlisi, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar o‘zgalar hayotini pisand qilmasdan bunday muolajalarni amalga oshirishadi, iste’molchilar esa yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmasdan ushbu xizmatlardan foydalanishadi
Tabiiyki, kosmetologiya bilan bog‘liq ba’zi jarrohlik amaliyoti ambulatoriya sharoitida ham amalga oshirilishi mumkin. Ammo bunda asosiysi tibbiy kosmetologiya ixtisosligini egallagan mutxassis jarrohlikni olib borishi zarur bo‘ladi, ikkinchidan mijozning holati hisoblanadi. Odatda kosmetologik jarrohlikni o‘nga yaqin qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlari mavjud. Bulardan ba’zilarini keltirib o‘tish mumkin: allergiya, onkologiya, qandli diabet, o‘tkir respirator virusli infeksiya, venerik kasalliklar, ruhiy buzilishlar. Shuningdek, homiladorlik, emizish davri va organizmdagi ba’zi kasalliklarda ham amalga oshirilmaydi.
Achinarlisi, kosmetologiya xizmatlari shifokor tomonidan o‘tkaziladigan, litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblansa-da, ba’zi xususiy klinikalar tomonidan hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni ko‘rsatish holatlari kundan-kunga ko‘payib bormoqda.
Tibbiy kosmetologiya ixtisosligi chuqur tayyorgarlik talab etiladigan soha
Olib borilayotgan muolaja va jarrohliklar yaxshi samara bermayotgani, insonlar hayoti va sog‘ligiga xavf solayotgani haqida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga tibbiy xizmatlardan jabrlangan iste’molchilardan murojaatlar ko‘payib bormoqda.
Misol uchun, tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi MChJga qarashli klinikaga yuz muolajasi uchun 13 mln so‘m pul to‘lagan. Ko‘rsatilgan muolaja samarasiz va to‘liq o‘tkazilmagan hamda iste’molchining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Raqobat qo‘mitasiga tushgan shikoyat o‘rganilganda muolaja o‘tkazgan xodim malaka talablari bo‘yicha kosmetolog vrach emasligi ma’lum bo‘ldi.
Yana bir o‘rganilgan murojaatda ham klinika kosmetologi deb o‘zini tanishtirgan xodim aslida vrach dermato-kosmetolog emasligi, o‘rta tibbiy ma’lumotga ega ekanligi ya’ni malaka talablari bo‘yicha ushbu amaliyotni o‘tkazishga ruxsati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Bu xizmat ko‘rsatuvchi xodim kosmetologiya bo‘yicha ishlar va xizmatlar ro‘yxatida ko‘rsatilgan derma ichiga fillerlardan foydalanish huquqi faqatgina vrach dermato-kosmetolog tomonidan amalga oshirish huquqi berilganidan xabardor. Biroq shunga qaramay, mijozga tibbiy “xizmat” ko‘rsatgan. Oqibatda mijozning tanasida har-xil dog‘lar va shishlar paydo bo‘lgan,, tanasiga yuborilgan suyuqlik esa uning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Raqobat qo‘mitasi o‘rganish natijalariga ko‘ra, muolaja uchun to‘langan pul mablag‘lari jamiyat tomonidan iste’molchilarga qaytarib berilishiga erishildi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, tibbiyot xizmatlar yo‘nalishida 2021 yilda 11 oyda 62 ta, 2022 yil 11 oyda 184 ta, 2023 yil 11 oyda 214 ta murojaatlar kelib tushgan. Bu esa o‘z navbatida, aholining ushbu sohada noroziligini uch yilda 3 barobar ortganini ko‘rsatadi.
Bu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, aholi xususiy tibbiy xizmatlardan foydalanishda o‘z huquqlarini bilmasliklari, xizmat ko‘rsatuvchidan qanday axborotlarni va hujjatlarni talab qilishi kerakligi haqida xabardor etmasliklari, tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘zlari vakolatli bo‘lmagan faoliyat turi bilan shug‘illanibgina qolmasdan, muolaja va jarrohlik amaliyotlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va sifati kafolatlanmagan mahsulotdan foydalanishlari hamda hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan turib tibbiy muolajalarni o‘tkazish uchun sertifikatlar taqdim etishlari kabi omillar ortidan iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazilmoqda.
QONUNGA KO‘RA:
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining
1-modddasiga muvofiq, tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni — tovar (ish, xizmat)ning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovar (ish, xizmat)ning sifatiga odatda qo‘yiladigan talablarga nomuvofiqligi;
12-moddasiga muvofiq, iste’molchi o‘zi sotib olgan ish, xizmatni amaldagi normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega;
20-moddasiga muvofiq, tovar (ish, xizmat)ning tuzilishiga, ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bog‘liq bo‘lgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkining xavfsizligini ta’min eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qo‘llanilishi oqibatida iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasiga muvofiq, bemor tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi talab qilish huquqiga ega.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘zlari vakolatli bo‘lmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanibgina qolmasdan, muolaja va jarrohlik amaliyotlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va sifati kafolatlanmagan mahsulotdan foydalanishlari hamda hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan turib tibbiy muolajalarni o‘tkazish qat’iy ma’n etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil
12 maydagi ro‘yxatdan o‘tkazilgan Sog‘liqni saqlash buyrug‘iga ko‘ra, tibbiy faoliyat amalga oshiriladigan tibbiy ixtisosliklar turlari nomenklaturasiga muvofiq tasdiqlangan. Unga ko‘ra, asosiy mutaxassisliklar (magistratura* va klinik ordinatura**) bo‘yicha Tibbiy kosmetologiya ixtisosligi chuqur tayyorgarlik talab etiladigan soha sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009, 2017, 2022-yillardagi bir qator qarorlariga asosan tibbiy faoliyatni qat’iyan litsenziyada ko‘rsatilgan doirada amalga oshirishi shart va tibbiy faoliyat amalga oshirilayotgan tibbiy ixtisosliklar turlari nomenklaturasi, tegishli mutaxassislikka ega vrachlar tibbiy ixtisoslashuvining litsenziyalanadigan turlari bo‘yicha vrachlar lavozimini egallashi mumkin bo‘lgan tibbiy mutaxassisliklar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.Shuningdek, klinik ordinatura — kadrlarni qayta tayyorlash tizimiga kiradigan ta’lim turi bo‘lib vrachlarning uzluksiz kasbiy ta’limi ko‘p pog‘onali tuzilmasining bir qismi hisoblanadi. Vrachlarni klinik ordinaturada o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan vrachlik mutaxassisliklari nomenklaturasi bo‘yicha, mutaxassisga qo‘yiladigan ixtisoslik talablari asosida tuzilgan har qaysi mutaxassislik bo‘yicha o‘quv rejasi va o‘quv dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.Shuningdek, tibbiy faoliyatni qat’iyan litsenziyada ko‘rsatilgan doirada amalga oshirishi shartligi ham qarorda belgilab qo‘yilgan.
Hurmatli iste’molchilar, soxta kosmetologlardan ogoh bo‘ling!
Xizmatlardan foydalanishdan avval albatta quyidagi ma’lumotlar bilan tanishing.
Klinikaning kosmetologiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun davlat organi tomonidan berilgan litsenziyasi mavjudligi;
muolaja o‘tkazuvchi shaxsning shifokorligini tasdiqlovchi diplomini talab qilish;
kosmetologiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun – xususiy korxona, tashkilotlar yoki kosmetologlar tomonidan taqdim etilgan sertifikatlar va boshqa hujjatlar hech qanday yuridik kuchga ega hujjat emasligini inobatga olish;
muolaja vaqtida foydalaniladigan tibbiy buyum va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ma’lumot uchun: Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi tomonidan tibbiy buyum va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi) talab qilishlarini so‘raymiz. Shuningdek, iste’molchilarni o‘zlarini hayoti va xavfsizliklari uchun ish yoki xizmatdan foydalanishning oqibatida zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq xavf xatarning yo‘qligini oldindan bilib olishlari shart.