SOVG’A NOSOZ chiqsa, qaerga boramiz?
Odatda bayramlar arafasida ko‘pchilik o‘z yaqinlariga qanday sovg‘a olish haqida bosh qotiradi. Ammo ba’zida yaxshi niyatlar xarid qilingan maishiy tovarlarning nosozligi ma’lum bo‘lib qoladi. Foydalanish jarayonida qattiq shovqin chiqaradi, o‘chirib-yoqish tugmalari ishlamay qoladi, tezda qizib ketadi… Albatta, bunday tovar nafaqat sifatsiz, balki xavfli ham hisoblanadi. Bu yana aynan shu brend ostidagi qalbaki mahsulot bo‘lishi ham mumkin.
Xo‘sh, sovg‘a uchun maishiy texnika vositalarini xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak? Bu borada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi Norbek MANIYOZOV tushuncha berdi.
Bugungi kunda sovg‘abop texnika tovarlarini bozorlardan, do‘konlardan yoki internetdan foydalangan holda elektron tarzda xarid qilish mumkin. Masalan, oshxona buyumlaridan kombayn, sharbat chiqarish uskunasi, kofe maydalagich, mikroto‘lqinli pechlar, shuningdek, uyali telefon vositasi, soch quritgich va tekislash tovarlari shular jumlasidan.
Ularni tanlash unchalik murakkab ish emas, asosiysi ishonch. Bu ishda do‘kon sotuvchisi yaqindan yordam beradi: tovarlar bilan tanishtiradi, elektr tokiga ulangan holda tekshirib, undan qanday foydalanish kerakligi haqida tegishli tavsiya beradi: maishiy texnika tovarlari qaysi davlatga tegishli ekanligi, ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi, yuridik manzili, aloqa uchun telefon raqamlari bilan tanishib bo‘lgach, iste’molchi tovarni xarid qilishga qaror qiladi. Albatta, kafolat taloni hamda nazorat kassa chekini olish ham xaridda eng muhim jihat hisoblanadi.
Qanday yo‘l tutish kerak?
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasiga muvofiq, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar iste’molchiga sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan, agar tovar sotilgan kunni aniqlash imkoni bo‘lmasa, tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchi kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini ta’minlashi shart.
13-moddasiga muvofiq, kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy etib belgilangan.
15-moddasiga muvofiq, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim;
17-moddasiga ko‘ra, hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni ta’mirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va iste’molchiga qaytarib keltirish sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu majburiyat bajarilmagan taqdirda tovarni eltish va qaytarib olib kelish iste’molchi tomonidan amalga oshirilishi, eltish va qaytarib olib ketish bilan bog‘liq xarajatlarni sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) qoplashi shart.
Qonunning 18-moddasiga muvofiq, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
Agar tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lsa, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar bo‘lsa, iste’molchining tovarni almashtirish yoxud qaytarib olish haqidagi talabi qondirilishi lozim.
Agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi.
Qanday tovarlarda kafolat muddati bo‘lishi belgilangan?
Almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydigan qoidalar bilan belgilanadi.
Muvofiqlik sertifikati bo‘lmasa-chi?
Yuqoridagilardan kelib chiqib, maishiy texnika vositalarini sovg‘a uchun yoki boshqa maqsadlarda xarid qilishda kafolat muddatiga, ishlab chiqaruvchining respublika hududlarida servis markazlari borligiga, eng asosiysi muvofiqlik sertifikati borligiga, foydalanish shartlari va mahsulotning texnik pasporti davlat tilida ekanligiga e’tibor qaratish shartdir!
Hozirda ko‘plab savdo markazlari, bozor va do‘konlarda yangi yil uchun archa hamda boshqa turli chiroqlar bilan yoritilgan bezaklar sotilyapti. Ammo ularni ham xarid qilishda inson salomatligiga zarar yetkazmasligini isbotlovchi yana o‘sha muvofiqlik sertifikati borini xarid qilish bilan foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash mumkin.
Iste’molchi huquqini tiklashga kim kafolat beradi?
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tgan davr mobaynida maishiy elektr texnika savdosi yo‘nalishida 2433 ta murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 1 mlrd. 576 mln. 471 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Kelib tushgan murojaatlarda tovarlarning kafolat muddatida buzilishi va servis xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni bepul ta’mirlash, xarid qilingan tovarlarni almashtirib berish, belgilangan maqsadlarda foydalanishning imkoniyati yo‘qligi, sotuvchi tomonidan noto‘g‘ri ma’lumot berilganligi yoki tovar xossalarining tushuntirilmagani oqibatida foydalanishdagi noqulayliklar, sotuvchi tomonidan kafolat berilgan bo‘lsa-da, tovar O‘zbekistonga noqonuniy kirim bo‘lganligi sababli servis markazi tomonidan xizmat ko‘rsatilmasligi, sotuvchi bergan kafolat muddatida xizmat ko‘rsatish servis markaziy yo‘qligi sababli iste’molchilarni sarson bo‘lishi, nuqsonli tovarni almashtirib berish yoki qaytarib topshirishda yo‘l kira xarajatlarini to‘lash, tashishdagi kamchiliklar tufayli iste’molchilarga yetib borgunga qadar tovarda nuqsonlar paydo bo‘lganda ularni isbotlash masalalari kabi muammolar o‘rin olgan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligi doirasida tegishli harakatlar amalga oshirilib, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklashiga kafolat beradi.
Ammo keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim fuqarolar tomonidan tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan, sifati kafolatlanmagan, noma’lum yo‘llar bilan mamlakatimizga olib kirilgan maishiy texnika vositalarini sotish holatlar ham uchrab turadi. Oqibatda iste’molchi zarar ko‘radi.
Fuqarolarning shaxsiy kartasiga pul mablag‘laringizni o‘tkazib sovg‘a yoki boshqa maqsadlarda mahsulot xarid qilishdan saqlaning. Sababi mazkur holatda sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan xarid hisoblanadi, iste’molchi esa aldanib yoki chuv tushib qolishi mumkin.
Ma’lumot uchun
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan Chakana savdo qoidalarining 1-ilovasi Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxatining 11-bandiga ko‘ra, Kafolat muddatlari belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar quyidagilar:
- metall qirquvchi va yog‘ochga ishlov beruvchi maishiy dastgohlar;
- maishiy elektr mashinalari va maishiy elektr priborlari;
- maishiy radioelektron apparat;
- maishiy hisoblash va ko‘paytirish texnikasi;
- foto va kinoapparatlar;
- telefon apparatlari va faksimil apparati;
- elektr musiqa asboblari;
- elektron o‘yinchoqlar.