O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan bozorlardagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini manipulyatsiya qilish, asossiz va sun’iy oshirish, ularga bo’lgan tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga qaratilgan g’ayrihuquqiy harakatlarni aniqlash (o’rganish) va ularni bartaraf etish maqsadida respublika bozorlarida o’rganish ishlari olib borilmoqda.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash borasidagi ishlar tizimli ravishda, chuqur o’ylangan reja asosida yo’lga qo’yilganligi natijasida bugun ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash jarayoni samarali tashkil etilmoqda.
Jumladan, so’nggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo’jaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirishga bo’lgan yondashuv mutlaqo o’zgargani, bozorlarni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to’ldirishga alohida e’tibor qaratilgani o’z samarasini bermoqda.
Ushbu ishlarning uzviyligini, aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash ishlarini doimiy nazorat qilish maqsadida Qo’mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan 12 ta dehqon bozorlarida muntazam ravishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi bo’yicha kunlik monitoring yuritilishi yo’lga qo’yilgan. O’rganish jarayonida inson salomatligi uchun xavfli, muddati o’tgan, sifatsiz mahsulotlar ham aniqlandi.
Birgina poytaxtimizning “Farhod” dehqon bozorida vakolatli idoralarni jalb qilgan holda bozorni o’rganish jarayonida muddati o’tgan, sifatsiz “22 kg banan”, “9,7 kg kurka go’shti, 10,8 kg kolbasa va 7 kg pishloq” va boshqa mahsulotlari bozor rastalaridan olib tashlandi.
Monitoring jarayonida qonunbuzilish holatlarini oldini olish maqsadida tadbirkorlar bilan uchrashib, ularga asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga narx-navoni shakllantirishning belgilangan mexanizmlari hamda savdo qoidalari to’g’risida huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, soha mutaxassislari ishtirokida tushuntirish ishlari va profilaktik tadbirlar doimiy o’tkazilishi belgilanib olindi.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 101-F-sonli Farmoni bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga qator qo’shimcha vakolatlar berilgan.
Belgilab berilgan vazifalarni muddatida va sifatli bajarish maqsadida Qo’mitaning barcha hududiy boshqarmalari tomonidan bozorlardagi narx-navoni barqarorlashtirish maqsadida o’rganish ishlari davom etmoqda.