FUQARODAN SAVOL:
- Internetda xarid qilish: foydali yoki xavfli?
JAVOB
Onlayn xaridlar do‘kon yoki bozorda xarid qilishdan ko‘ra ancha qulay, tezkor, oson “shopping” turi hisoblanadi. Mamlakatimizda 2016 yil 2 iyundagi “Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 185-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tartibga solinadigan elektron tijorat tez rivojlanib kelmoqda, ayniqsa karantin rejimi davrida onlayn-do‘konlarga bo‘lgan talab keskin oshdi.
Mahsulotni onlayn xarid qilishdan avval nimani bilishingiz zarur?
Internet orqali mahsulot sotib olishning farqi shundaki, xaridor shartnoma tuzishda mahsulotning o‘zi yoki uning namunasi bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lmasdan saytda joylashtirilgan ma’lumotlarga butunlay tayanadi. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunda sotuvchining iste’molchilarni mahsulot va sotuvchi haqida to‘g‘ri xabardor qilish majburiyati nazarda tutilgan.
- Sotuvchining shaxsini tasdiqlang
Internet orqali xarid qilishda har doim veb-saytdagi bog‘lanish uchun ma’lumotlarni tekshirib ko‘ring, sotuvchining haqiqatan ham mavjudligiga ishonch hosil qiling. Saytda kompaniya nomi, manzili, elektron pochta manzili, aloqa shakli va telefon raqami aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Siz onlayn do‘kon veb-sayt manzilini quyidagi havola orqali tekshirishingiz mumkin. Havola orqali o‘tgach, o‘zingizga zarur bo‘lgan manzilni kim ro‘yxatdan o‘tkazganligini bilib olish imkoni tug‘iladi. Agar ushbu ma’lumotlar veb-saytda ko‘rsatilgan aloqa ma’lumotlariga mos keladigan bo‘lsa, sizning xaridingiz xavfsiz bo‘lish ehtimoli yuqori.
Ishlab chiqaruvchi o‘z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilishi shart. Bunday ma’lumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida ko‘rsatilgan bo‘lishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim. (O‘zbekiston Respublikasining 26.04.1996 yil 221-I-son qonuni, 5-moddasi)
- Faqat xavfsiz saytlarda xaridni amalga oshiring
Xavfsiz veb-saytdan xaridni amalga oshirayotganingizda har doim brauzer manzil satrida quyidagi havolani ko‘rasiz:
Qulf belgisi saytning Internetdagi foydalanuvchilari o‘rtasida ma’lumotlarning xavfsiz uzatilishini ta’minlaydigan Secure Socket Layer (SSL) kriptografik protokollaridan foydalanganligini bildiradi. SSL shifrlashi bo‘lmagan veb-saytlarga ishonmang.
Shuningdek, “htpps” dagi “S” harfi veb-sayt va sizning kompyuteringiz yoki uyali telefoningiz o‘rtasidagi aloqa xavfsiz va shifrlanganligini anglatadi. Siz faqat to‘lov sahifasida “htpps” ilovasi bo‘lgan saytlardan sotib olishingiz kerak.
Veb-sayt Yevropa yoki Amerika domenida bo‘lgani uchungina xavfsiz ekan deb o‘ylamang, bu veb-saxifani aniq ushbu mamlakatda joylashganligini anglatmaydi va tabiiyki xavfsizligiga kafolat bermaydi.
Agar taraflarning kelishuvida va (yoki) qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, elektron tijoratda shaxsga doir ma’lumotlardan shartnoma maqsadidan o‘zga maqsadlarda foydalanish hamda ularni uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi. (O‘zbekiston Respublikasining 22.05.2015 yil № 385-son qonuni, 18-moddasi)
- “Haqiqatdan yiroq bo‘lgan takliflar”. Saytning umumiy ko‘rinishini ko‘zdan kechiring
Sotuvchining veb-sahifasini diqqat bilan ko‘zdan kechiring. Uning professional tarzda rasmiylashtirilganligiga ishonch hosil qiling. Aksariyat shubhali saytlarda imlo xatolari, mahsulotning sifatsiz tasvirlariga yoki faol bo‘lmagan havolalarga duch kelasiz.
“Arzon” yoki “arzonlashtirilgan” kabi so‘zlarning haddan tashqari ko‘p ishlatilishiga e’tibor bering, odatda professional sotuvchilar bunday tovarlarni “ajoyib taklif” deb atashadi. Shubhali nomga ega onlayn savdo do‘konlari tovarga haddan ziyod past narxni taklif qilishlari, keyin esa bu mahsulot hozirda mavjud emasligini ro‘kach qilib o‘rniga boshqa mahsulotni sotishga harakat qilishlari “jalb etish”ning eng keng tarqalgan usullaridan hisoblanadi. “Haqiqatdan yiroq bo‘lgan takliflarni uchratsangiz” ham harid qilishdan saqlaning.
Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. (O‘zbekiston Respublikasining 26.04.1996 yil 221-I-son qonuni, 21-moddasi)
- Mahsulotni diqqat bilan o‘rganing
Shuni unutmaslik kerakki, sotuvchining mahsulot haqida iste’molchiga ma’lumot berishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xarid qilishdan oldin iste’molchi mahsulot haqida ishonchli ma’lumot olishi kerak.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. (O‘zbekiston Respublikasining 26.04.1996 yil 221-I-son qonuni, 6-moddasi)
Sotuvchi mahsulot to‘g‘risida quyidagilarni ko‘rsatishi shart:
asosiy xususiyatlari;
uning joylashgan joyi va tovar ishlab chiqarilgan joy;
kompaniyaning to‘liq korporativ nomi;
mahsulot narxi;
tovarlarni sotib olish va yetkazib berish shartlari;
to‘lov tartibi;
xizmat muddati, saqlash muddati va kafolat muddati.
- Mahsulotni qaytarish
Mahsulotning ko‘rinishi, iste’mol xususiyatlari va sotib olish faktini va shartlarini tasdiqlovchi hujjat saqlanib qolsa, mahsulotni qaytarib berishingiz mumkin. Bunday hujjatning yo‘qligi iste’molchining ushbu sotuvchidan tovar sotib olganligining boshqa dalillariga murojaat qilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli. (O‘zbekiston Respublikasining 26.04.1996 yil 221-I-son qonuni, 18-moddasi)
Iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yyetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida yesa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart. (O‘zbekiston Respublikasining 26.04.1996 yil 221-I-son qonuni, 11-moddasi)
Nuqsonli mahsulot sotilgan taqdirda xaridor o‘z tanloviga asosan quyidagilarni talab qilishi mumkin:
kamchiliklarni bepul bartaraf etish yoki ularni tuzatish uchun xaridorning xarajatlarini qoplash;
tovarlar narxining mutanosib ravishda pasaytirish;
Internet orqali xarid qilganingizda, siz Qonun bilan himoyalangansiz!