O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 402-sonli qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi to’g’risida Nizomning 10-bandiga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi o’ziga yuklangan vazifalarga muvofiq tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirishning yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida raqobatni rivojlantirishni cheklovchi yakka tartibdagi imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni bekor qilish bo’yicha takliflar kiritish funksiyasini amalga oshiradi.
Adliya vazirligida 2019-yil 19-aprelda 3155-son bilan ro’yxatga olingan Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasiga asosan Raqobatga ta’sirni baholash Qo’mita tomonidan quyidagi usullar asosida amalga oshiriladi:
“ex-ante” — loyihalarning raqobatga ta’sirini baholash;
“ex-post” — amaldagi qonunchilik hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash.
Loyiha yoki amaldagi qonunchilik hujjatining raqobatga ta’siri quyidagi oqibatlarning biriga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo’lganda uning ta’siri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
a) tovar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko’rsatuvchi xo’jalik yurituvchi subyektlarining (bundan buyon matnda yetkazib beruvchilar deb yuritiladi) doirasi va sonini cheklashga olib kelsa, jumladan:
tovar yoki moliya bozorining alohida ishtirokchilariga raqobatga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi soliq va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha imtiyozlar, eksklyuziv huquqlar, kafolatlar, yengilliklar, preferensiyalarni bersa yoki muddatini uzaytirsa;
faoliyat yuritish sharti sifatida raqobatga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi litsenziyalash yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartibini o’rnatsa;
ayrim yetkazib beruvchilarning o’z tovar va xizmatlarini realizatsiya qilish imkonini cheklasa;
yetkazib beruvchining tovar va moliya bozoriga kirishidagi yoki undan chiqishidagi xarajatlarini sezilarli darajada oshirsa;
tovar yoki moliya bozori ishtirokchilariga ularning bozorga kirishiga to’sqinlik qiladigan texnik tartibga solishning yangi shartlarini o’rnatsa;
xo’jalik yurituvchi subyektlarning tovar va xizmatlarini realizatsiya qilish yoki ish o’rinlarini yaratish, shuningdek investitsiya kiritish imkonini cheklovchi geografik to’siq o’rnatsa.
b) yetkazib beruvchilarning o’zaro raqobatlashish imkoniyatini chegaralasa, jumladan:
yetkazib beruvchilarning tovarlarga va xizmatlarga narx belgilash imkoniyatini chegaralasa;
yetkazib beruvchilarning o’z tovar va xizmatlarining reklamasi yoki marketingini amalga oshirish erkinligini chegaralasa;
ayrim yetkazib beruvchilarga boshqalar oldida afzallik beruvchi yoki tovar va xizmatlar xarid qiladigan xo’jalik yurituvchi subyektlar yoki jismoniy shaxslar (bundan buyon matnda iste’molchilar deb yuritiladi) tanlashi mumkin bo’lgan darajadan oshuvchi tovar sifati standartlarini o’rnatsa;
ishlab chiqarish xarajatlarini oshirsa, shuningdek resurslarni (moddiy, moliyaviy va mehnat) ayrim yetkazib beruvchilarga, shu jumladan tovar yoki moliya bozorining yangi ishtirokchisiga ajratish yo’li bilan, boshqalarning xarajatlariga nisbatan ko’proq sarflanishiga olib kelsa;
tovar yoki moliya bozorlarida tadbirkorlik subyektlari ishtirokida davlat korxonasi yoki davlat ulushi bor korxonalar tuzishni nazarda tutsa va uning natijasida raqobatni cheklaydigan holat yuzaga kelsa;
v) yetkazib beruvchilarning bozor munosabatlarida o’zaro raqobatlashishga qiziqishini pasaytirsa, jumladan:
raqobatga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi o’zini o’zi boshqaradigan yoki birgalikda boshqariladigan tartib yaratsa;
raqobatga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi ma’lumotlarni, shu jumladan yetkazib beruvchilarning ishlab chiqarish, narxlar, aylanmalar yoki xarajatlar bo’yicha axborotlarini yoritishni talab etsa yoki rag’batlantirsa;
raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlarining amal qilishidan har qanday alohida tarmoq yoki yetkazib beruvchilar guruhi faoliyatiga immunitet taqdim qilsa;
g) iste’molchilar uchun kerakli axborotni tanlash imkonini chegaralasa, jumladan:
iste’molchilarning o’z xohishlari asosida ular kimdan tovar (ish, xizmat) sotib olish masalasini hal qilish imkoniyatlarini chegaralasa;
iste’molchilarning bir tovar yoki mahsulot yetkazib beruvchilardan boshqasiga o’tishida narxni oshirib, ularning imkoniyatlarini kamaytirsa;
iste’molchi uchun tovar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olishda zarur bo’lgan axborotning asl mohiyatini o’zgartirib, natijada ularning adashishiga olib kelsa.
“Ex-ante” usuli bo’yicha raqobatga ta’sirni baholash
Quyidagilarni nazarda tutuvchi loyihalar vakolatli organga majburiy tarzda kiritiladi:
a) yangi cheklovlarni, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar va litsenziyaning yangi turlarini kiritish;
b) litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni, shuningdek qo’shimcha texnik tartibga solish shartlarini joriy etish;
v) tovar yoki moliya bozori ishtirokchilarida ortiqcha xarajatlarga olib kelishi mumkin bo’lgan talablar (shartlar)ni kiritish;
g) tovar yoki moliya bozori ishtirokchilariga soliq va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha imtiyoz, kafolat hamda boshqa preferensiyalar belgilash, shuningdek ayrim tovar yoki moliya bozori ishtirokchilariga eksklyuziv huquqlarni berish;
d) tabiiy monopoliya subyektlarining tovar (ish, xizmat)lari narxi (tarif)ini va boshqa tartibga solinadigan narx (tarif)ni oshirish;
ye) iste’molchilar yoki tovar va moliya bozori ishtirokchilari uchun infratuzilma va tabiiy monopoliya subyektlarining tovar (ish, xizmat)laridan foydalanish shartlarini o’zgartirish;
j) tabiiy monopoliya subyektlarining tovar va moliya bozorlarida ishtirokining mavjudligi;
z) davlat korxonalari va tabiiy monopoliya subyektlarini tashkil etish va qayta tashkil etish;
i) tovar va moliya bozorlarida davlat ishtiroki yoki davlat organlarining istalgan ko’rinishdagi harakatlarining mavjudligi;
k) tovar va moliya bozori ishtirokchilarining istalgan ko’rinishdagi resurslar, jumladan xom ashyo, materiallar, ishchi kuchi va moliyaviy resurslardan foydalanish shartlarining o’zgarishi.
“Ex-post” usuli bo’yicha raqobatga ta’sirni baholash
Raqobatga ta’sirni baholashning “ex-post” usuli bo’yicha raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini aniqlash yuzasidan amaldagi qonun hujjatlari yiliga kamida ikki marotaba xatlovdan o’tkaziladi.
Vakolatli organning tashabbusiga, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga, jamoatchilik nazorati subyektlarining taklif va tavsiyalariga, ommaviy axborot vositalari orqali o’rganilgan yoki chop etilgan boshqa materiallarni o’rganib chiqish natijalariga asosan amalga oshiriladi.
Raqobatga ta’sirni baholashning “ex-post” usuli bo’yicha o’tkazilganda vakolatli organ hamda uning hududiy organlari amaldagi qonunchilik hujjatlarining raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o’tkazadi.
Vakolatli organning hududiy organlari o’tkazilgan xatlovlar natijasi yuzasidan vakolatli organga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
Vakolatli organ amaldagi qonunchilik hujjatini raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlariga zid deb topganida:
yuqori yuridik kuchga ega bo’lgan qonunchilik hujjatlari yuzasidan — O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga tegishli tartibda takliflar kiritadi;
vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlari yuzasidan — raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlari buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to’g’risida qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdimnoma kiritadi.
Vakolatli organning hududiy organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlariga zid deb topganda ular yuzasidan raqobat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlari buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to’g’risida qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdimnoma kiritadi.
HISOBOT BO’YICHA
Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan 2021-yil davomida regulation.gov.uz va project.gov.uz portali orqali respublika bo’yicha kelib tushgan 1598 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (ex-ante) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlandi, shundan 224 ta (14%) qonunchilik talablariga zid normalar ekanligi aniqlangan.
Respublika bo’yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan 1 537 679 ta amaldagi (ex-post) normativ-huquqiy va qabul qilingan hujjatlarini raqobat to’g’risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi xatlovdan o’tkazildi. Shundan, 1 234 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi
2022-yil 1-chorak
Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan 2022-yil yanvar-mart oylarida regulation.gov.uz va project.gov.uz portali orqali respublika bo’yicha kelib tushgan 512 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (ex-ante) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlandi, shundan 53 ta (10%) qonunchilik talablariga zid normalar ekanligi aniqlangan.
Respublika bo’yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan 64 751 ta amaldagi (ex-post) normativ-huquqiy va qabul qilingan hujjatlarini raqobat to’g’risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi xatlovdan o’tkazildi. Shundan, 39 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi
PF-101 bo’yicha
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o’sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to’g’risida” PF-101-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo’l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 2022-yilda — xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali 14 ta sohada mavjud monopoliyalarni bartaraf etish belgilandi. Bular:
– Axoli va ijtimoiy soha ob’ektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish
– Tovarlarning kelib chiqishi to’g’risidagi sertifikat berish
– Elektr texnika uskunalari va qurilmalarini markazlashti-rilgan tartibda xarid qilish
– Soliq organlari xodimlarining majburiy davlat sug’urtasi bo’yicha xizmatlar
– Qishloq xo’jaligi va avtomabil shinalari yagona yetkazib beruvchi tomonidan yetkazib berilishi bo’yicha xizmatlar
– Temir yo’l transportida yordamchi xizmatlar ko’rsatish
– Haydovchilarni
va haydovchilikka nomzodlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish
– O’lchash vositalarini qiyoslash
– Paxta mahsulotlarini, qishloq xo’jaligi urug’larini sertifikatlashtirish
– Ishlatilgan texnik moylarni to’plash va qayta ishlash
– Qishloq joylarda qishloqlar, ovullar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini tuzish
– Harbiy majburiyatli shaxslarning davlat majburiy shaxsiy sug’urtasi bo’yicha xizmatlar
– Neft mahsulotlarini saqlash.