Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan 2023-yil davomida 40-mingdan ortiq murojaatlar Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda ham ushbu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyekti hisoblangan “JOMBOY PARXEZ TAOM” MCHJ 2024-yil 24-yanvarda Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘tkazilgan tanlov savdolari natijalaridan norozi bo‘lib Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2024-yil 22-yanvarda tanlov savdolari o‘tkazilgan bo‘lib, tanlovda “LAZZAT LUKS” MCHJ, “JOMBOY PARXEZ TAOM” MCHJ va “BOLALAR KELAJAGI OSHXONASI” OK o‘z takliflari bilan ishtirok etgan va xarid komissiyasining bayonnomasiga asosan, “BOLALAR KELAJAGI OSHXONASI” OK g‘olib deb topilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni 3-bob 20-modda 19-qism 4-xatboshida “xarid komissiyasining vazifalaridan biri takliflarni baholash mezonlarini va usullarini belgilaydi” va 59-modda 2-qism 6-xatboshida “takliflarni baholash mezonlari va ko‘rib chiqish tartibi maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtirish bilan bir vaqtda davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi” deb belgilangan, ammo yuqorida keltirilgan tanlov savdolarida baholash mezonlari ishlab chiqilmagan va maxsus axborot portaliga joylashtirilmaganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining
20-moddasi 2-qismida xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi – xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha xolis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g‘olibni (g‘oliblarni) tanlashdan iboratligi belgilangan bo‘lsada, birlashma xarid komissiyasi tomonidan baholashda xolislik to‘liq ta’minlanmagan.
Shuningdek, Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan bir nechta tanlov savdolarida ham xuddi shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan.
Yuqoridagiga ko‘ra, Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 20 va 59 moddalari hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29 va 35 moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, hududiy boshqarma tomonidan birlashmaga savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatma berilib, birlashma mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib tegishli choralar ko‘rildi.