Sherzod SHODMONQULOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar
huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i.
Birinchidan, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun o‘zida ilgari mavjud bo‘lmagan bir qator normalarni o‘zida aks ettirgani bilan o‘ziga xos hujjatdir.
U amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonunlarining birlashtirilishi natijasida yaratilgan bo‘lib, asosiy maqsadi raqobatga qarshi harakatlarning kamayishi, iqtisodiy faoliyat erkinligi va iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga qaratilgan.
Ikkinchidan, amaldagi qonunchilikda raqamli platformalar operatorlarining raqobatni cheklovchi va iste’molchilar manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga ta’qiqlar va davlatning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokiga talablar belgilanmagan. Yangi Qonunda bir qator tushunchalar kiritilgan. Amaldagi Qonunda raqobat sohasidagi asosiy prinsiplar ko‘rsatilmagan. Endi esa insofli raqobat, qonuniylik, iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, shaffoflik, tenglik prinsiplar alohida belgilangan. Ilgari qonunchilikda yoritilmagan iste’molchilar huquqlarini inobatga olgan holda raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarni oldini olish va to‘xtatish, raqobat muhitini rivojlantirish, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish, tovar va moliya bozorlari ishtirokchilarining iqtisodiy faoliyati erkinligini hamda tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining javobgarligini oshirish kabi monopoliyaga qarshi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z aksini topgan.
Qonunchilikda mavjud bo‘lmagan yana bir jihat — Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oliy Majlis Senatiga hisobdorligi, o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi yangi qonunda alohida o‘rin olgan. Amaldagi qonunchilikdan farqli o‘laroq, hozir vakolatli davlat organi normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholashi nazarda tutilgan. Vakolatli davlat organi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari yuzasidan Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga o‘rnatilgan tartibda takliflar kiritadi.
Qonunbuzilishlarini oldini olishga qaratilgan huquqiy institut bugungi kunda qonunchilikda nazarda tutilmagan. Yangi qonunning alohida moddasi monopoliyaga qarshi komplayensni majburiy tartibda joriy etish asoslariga bag‘ishlangan.
Ma’lumki, bir xo‘jalik yurituvchi sub’ektning bozordagi ulushi holatiga qarab bozorga hal qiluvchi ta’sir o‘tkazish imkoniyatini beradigan holat ustun mavqe hisoblanadi. Amaldagi qonunga ko‘ra, tovar bozorida qaysi xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tovarining ulushi ellik va undan ortiq foizni tashkil etsa hamda kamida bir yil davomida o‘ttiz besh foizdan ellik foizgacha hajmda bo‘lsa, shu xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining mavqei ustun mavqe deb e’tirof etiladi. Endilikda ustun mavqeni aniqlashning yangi mezonlari qonunda o‘z aksini topgan, ya’ni bozorda raqobatchilari mavjud bo‘lmagan, bozordagi ulushi 40 foizni (hozirgi 35 foiz o‘rniga) va undan ortiqni tashkil etgan, muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish bo‘yicha mutlaq va eksklyuziv huquqi berilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustun mavqega ega sanaladi. Bunda tabiiy monopoliyalar ham ustun mavqega ega subyektlar qatoriga qo‘shilmoqda. Shuningdek, oxirgi kalendar yilida tovarlarni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz ming baravaridan (9,9 mlrd so‘m) oshmaydigan korxonalarga nisbatan ustun mavqeni e’tirof etish tatbiq etilmaydi, tabiiy monopoliya subyektlari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan shaxslar bundan mustasno.
Qonunning yangilik jihatlaridan yana biri unda ustun muzokara kuchi institutining ifodalanayotganidir. Bu haqdagi moddada, ustun mavqega ega bo‘lmagan, biroq korxona tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deya e’tirof etilgan. Mazkur norma hozirda ayrim savdo tarmoqlarida muayyan “yuqori muzokara ustunligi” borligi, ta’minotchilar bilan shartnoma tuzishda, ularni kamsituvchi va foydali bo‘lmagan shartlarni kiritish holatlari mavjudligi tufayli qonunda aks ettirilgan.
Bundan tashqari, raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun ma’muriy va moliyaviy javobgarlikdan ozod qilish tartibi kiritilmoqda. Ya’ni, raqobatga qarshi kelishuv yoki muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan korxona yoki jismoniy shaxs bu haqda vakolatli davlat organini birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabardor qilsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
Tahlillarga qaraganda, 2021-yilda davlat tomonidan 58 mingta xo‘jalik yurituvchi subyektga 44 trln 796 mlrd so‘mlik va 2022-yilda jami 111,1 mingta xo‘jalik yurituvchi subyektga 72 trln 964 mlrd so‘mlik imtiyozlar berilgan. Chunki, qonunchilikda davlat yordamini taqdim etishga nisbatan talablar mavjud emas. Yangi Qonunda bunday yordamni taqdim etish shakllari va unga nisbatan talablar belgilangan. Davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari raqobat muhitiga ularning ta’sirini baholashdan o‘tkazish uchun monopoliyaga qarshi organga majburiy tartibda kiritish zarurligi ko‘rsatilgan.
Davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishiga nisbatan ham talablar qo‘yilgan. Unga ko‘ra, davlatning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki korxona tashkil etish, uning ustav fondida ishtirok etish va davlat-xususiy sheriklik orqali amalga oshiriladi. Davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga vakolatli davlat organining oldindan roziligi olinganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishi taqiqlangan holatlar ham qayd etilgan.
Bugungi kunda iqtisodiy konsentratsiya (korxonalarni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish)ga rozilik olish talab qilinadigan bitimlar bo‘yicha korxonalar aktivlariga bo‘lgan mezon pastligi sababli kichik va o‘rta biznes subyektlariga nisbatan ma’muriy yuk yuqoriligicha qolmoqda. Shuning uchun kichik va o‘rta biznes subyektlariga nisbatan ma’muriy yukni qisqartirish maqsadida iqtisodiy konsentratsiya (korxonalarni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish)ga rozilik olish talab qilinadigan bitimlar bo‘yicha korxonalar aktivlari qiymatiga va tovarlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumiga talab 5 baravarga oshirilishi normasi qonunda alohida o‘rin topgan. Endilikda bitim tarafi hisoblangan korxonalarning jami aktivlari qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi 165 mlrd (amalda 33 mlrd) so‘mdan (alohida-alohida hisoblanganda esa, 82 mlrd 500 mln so‘m) kam bo‘lganda korxonalarni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborishda rozilik olish talab etilmaydi.
Ta’kidlash joizki, hozirda monopoliyaga qarshi organning raqobatga zid harakatlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha vakolatlari yetarli emas. Mazkur holat inobatga olinib, Qonun asosida monopoliyaga qarshi organga qo‘shimcha vakolatlar berilgan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranishi davrida zarur choralarni ko‘rish, davlat yordami samaradorligi ustidan nazorat qilish shular jumlasidandir.
Amaldagi qonunda moliyaviy jarimalar nazarda tutilmagan. Faqat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda ma’muriy jarimalar miqdori jismoniy shaxslar uchun BHMning 1-3 baravari, mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 5-10 baravari miqdorida o‘rnatilgan. Endi esa raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalar belgilanib, ma’muriy javobgarlik kuchaytirilgan. Raqobatni cheklovchi kelishuvlar (kartel), iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish, ustun mavqe va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlar narxlarini asossiz ravishda oshirganlik uchun tovar aylanmasining 5 foizi, savdolarga doir talablarni buzganda savdo predmeti boshlang‘ich qiymatining 3 foizi, insofsiz raqobatni sodir etishda tovar aylanmasining 2 foizi, iqtisodiy konsentratsiyada raqobat qonunchiligi buzilganda BHMning 1000 baravari miqdorida moliyaviy jarima qo‘llaniladi. Ma’muriy jarimalar miqdori jismoniy shaxslar uchun BHMning 3-10 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 30-50 baravarigacha miqdorni tashkil etadi. Moliyaviy jarima sud tartibida qo‘llaniladi (huquqbuzar aybini tan olib, jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lagan holatlar bundan mustasno).
Ma’lumki, “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi Qonun joriy yilning 4-oktabridan kuchga kiradi. Ungacha Qo‘mita tomonidan ushbu Qonunning samarali ishlashini ta’minlash mexanizmlari va tartiblarini ishlab chiqish choralari ko‘rilmoqda. Amaldagi bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda va loyihalari tayyorlanmoqda. Misol uchun, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish va tegishli choralarni ko‘rish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, raqamli platformalarda ustun mavqe holatining e’tirof etilishi va ushbu ustun mavqening suiiste’mol qilinishi holatini aniqlash tartibi Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda. Shuningdek, davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash tartibi, insofsiz raqobatni aniqlash metodikasi loyihalari ishlab chiqilmoqda. Mazkur hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga chiqarilishi va tadbirkorlarning fikrlari o‘rganilishi ko‘zda tutilgan.