Joriy yilning 27-28 iyun kunlarida Tayland poytaxti Bangkok shahrida BMTning Savdo va Taraqqiyot Konferentsiyasi (UNCTAD), Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UN ESCAP) hamda Tayland Raqobat komissiyasi (TCCT) bilan hamkorlikda “Raqobat siyosatining pandemiyadan (COVID-19) so‘ng kichik va o‘rta biznesning tiklanishiga qo‘shgan hissasi ” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Qayumov Asadulla Urolovich ishtirok etmoqda. Qo‘mita mutasaddi vakili tomonidan yurtimizda koronavirus pandemiyasi va pandemiyadan keyingi davrda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorni rivojlantirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda amalga oshirilgan salmoqli ishlar to‘g‘risida bayonot berilmoqda.
Shu bilan birga ushbu anjumanda Tayland, Janubiy-Sharqiy Osiyo davvlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) mamlakatlari hamda boshqa mamlakat raqobat agentligi rasmiylari, kichik va o‘rta biznes shu bilan birga, hukumat vakillari ishtirok etmoqda.
Uchrashuv qatnashchilari tomonidan raqobat siyosati orqali pandemiyadan keyingi dunyoda kichik va o‘rta biznesni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, shuningdek, raqamlashtirish mavzulari muhokamasi anjuman kun tartibida belgilangan.
Bo’lib o‘tayotgan uchrashuvning ilk kunida, raqamli bozorda ustunlik mavqeyiga ega korxonalar tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilinishi yuzasidan nazorat olib borish, bunda bir qator mamlakatlar, jumladan Yevropa Ittifoqi, Braziliya, Meksika, Misr, Avstriya, Keniya, Armeniya, Tayland, Malayziya va boshqa davlatlarning bu yo‘nalishdagi amaliyoti eshitildi.
Shu bilan birga, anjumanda BMTning Lotin Amerikasi va Karib havzasi uchun iqtisodiy komissiyasi (UN-ECLAC), Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UN ESCAP), BMTning Afrika uchun iqtisodiy komissiyasi (UN-ECA), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UN-ECE), BMTning G’arbiy Osiyo uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UN-ESCWA) tashkilotlari tomonidan yuqorida qayd etilgan yo‘nalish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan yangi tahrirdagi “Raqobat” to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda hamda ushbu qonun loyihasida “Raqamli bozor” tushunchasi kiritilmoqda.