Hozirgi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, tashqi savdoni kengaytirish, jahon miqyosiga jadal sur’atlar bilan kirib borish, drayver sohalarni takomillashtirish hamda sog‘lom raqobatni ta’minlash borasida istiqbolli loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda, xususan, mazkur loyihalarning huquqiy bazasini mustahkamlashga katta ahamiyat berilmoqda. Shuningdek, respublikamizning xalqaro darajada rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lishi uchun istiqbolda yurtimizga ulkan intellektual hamda moliyaviy resurslar kirib kelishida muhim omillardan biri sanaluvchi, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan eng katta maqsadlardan biri – Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) hamda uning qamrovidagi bitimlarga to‘laqonli a’zo bo‘lish hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-85-son Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmonning ahamiyati shundaki, unda ayrim korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar, imtiyoz va preferensiyalarning bekor qilinishi, teng raqobat muhitini yaratish maqsad qilingan.
Xususan, “O‘ZMETKOMBINAT” AJ, “O‘ZIKKILAMCHIRANGLIMETALL” AJ, “O‘ZTREYD” AJ, “UZKIMYOIMPEKS” MChJ, “UZGASTRADE” AJ, “O‘ZENERGOSOTISH” AJ kabi yirik korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlarining bosqichma-bosqich bekor qilinishi ushbu Farmonda nazarda tutilgan.
Shuningdek, Jahon Savdo Tashkilotining bir qator bitimlari mavjud bo‘lib, masalan, Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimida belgilanganki, ushbu tashkilotga a’zo bo‘luvchi davlatda ham mahalliy, ham xorijiy tadbirkorlik faoliyati subyektlariga teng imkoniyatlar yaratib berilishi kerakligi, bunda eksport va import uchun bir xil va adolatli huquqiy norma qo‘llanilishi kerakligi talab qilinadi.
Shu bilan birgalikda, mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash juda yuqori bo‘lsa, bu jarayonda JSTga a’zo davlatlardagi tadbirkorlik faoliyati subyektlari bilan tengsizlikni keltirib chiqarishi mumkin.
O‘z navbatida shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda ba’zi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyoz va preferensiyalar joriy qilingan. Misol uchun, davlat xaridlarida mahalliy korxonalarga 15 foiz, ishlab chiqarish korxonalariga 20 foiz narx preferensiyalari qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, temiryo‘l tashishlari bilan bog‘liq preferensiyalar ham bo‘lib, joriy Farmonda ularni ham bosqichma-bosqich bekor qilinishi belgilangan.
O‘tgan davr mobaynida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan 50 ga yaqin eksklyuziv huquqlar aniqlangan bo‘lsa, mazkur Farmonda mamlakatimiz bozorining eksport va import operatsiyalarida katta o‘ringa ega yirik tarmoqlariga tegishli eksklyuziv huquqlar o‘z kuchini yo‘qotishi nazarda tutilgan.
Xulosa qilish joizki, yuqorida ta’kidlangan holatlar O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga turtki hamda davlatimizning JSTga shaxdam qadamlar bilan a’zo bo‘lish istagi borligini va bu boradagi islohotlarning amalda aniq dalillar, muayyan normativ-huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilayotganligining, sog‘lom raqobat ta’minlanishining yorqin belgisi hisoblanadi.