Bugun 26-aprel O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni (1996–yil 26–aprel) qabul qilingan bo‘lib, bugun roppa-rosa 27 yil bo‘ldi.
Shu munosabat bilan, bugungi brifingda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ma’lumot berib o‘taman.
Xabaringiz bor, mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyati optimallashtirilgan holda alohida maqomga ega bo‘lgan yagona organ – Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi.
Bunda iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy va iste’mol madaniyatini yuksaltirish, ichki bozorlarda sifatsiz tovarlar sotilishini oldini olish Qo‘mitaning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Qo‘mitaga I-chorak davomida iste’molchilardan jami 5 277 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 36 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 43 foizi savdo va umumiy ovqatlanish, 16 foiz aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 5 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.
Mazkur murojaatlarning 87 foizi (4 590 ta) ijobiy hal etilgan va huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Murojaatlar bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda 6 271 nafar iste’molchilarga 3,0 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Shundan, 2,1 mlrd so‘m (98,9 foiz) mablag‘ iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi va qolgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tizimli o‘rganishlar, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan ma’lumotlar asosida turli yo‘nalishlarda 39 ta o‘rganish va tahlillar o‘tkazilgan.
Mazkur o‘rganishlar va tahlillar natijasida 259 499 nafar iste’molchiga jami 23 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘lar hisoblanganligi aniqlangan hamda mazkur mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rilgan.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish maqsadida, tasdiqlangan reja-grafik asosida muntazam ravishda chakana savdoda tovarlar nazorat xaridini va ularni ekspertizadan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, jami 85 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilib (“Sifat nazorati” teleko‘rsatuvi bilan hamkorlikda), ularning ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, 13 nomdagi mahsulotlar normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.
6 ta dori vositalari (qalbaki yoki davlat reyestriga kiritilmagan) amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanib, belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.
Bugungi brifingdan foydalanib respublikamizdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi subyektlarni quyidagi muhim masalaga alohida e’tibor qaratishlarini iltimos qilardim.
Xabaringiz borki, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga (26.10.2022-yildagi PQ-411-sonli) muvofiq, joriy yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid cheki soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dori vositalariga ustamalar yuqori qo‘llanilganligi aniqlangan taqdirda Qo‘mitaga xabar yuborilishi va ushbu ma’lumot asosida huquqbuzardan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 164-moddasiga muvofiq jarima undirish belgilangan.
Shu sababdan, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosida qonunchilikda belgilangan cheklangan savdo ustamalariga rioya etishlarini so‘raymiz.