Zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan davrda har bir shaxs o‘zining shaxsiy texnologik qurilmalari bo‘lishini istaydi. Ammo u nuqsonli bo‘lsachi?
Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasiga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan nuqsonli tovardan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati kelib tushdi.
Iste’molchi “Uzum market” ilovasi orqali onlayn do‘kondan 3 589 000 so’mga monoblok sotib olgan, lekin tovar nuqsonli bo‘lib chiqqan. Murojaatchi mazkur holat bo‘yicha onlayn do‘kon xodimlariga murojaat qilganida xodimlar servis xizmat ko‘rsatib iste’molchidan qo‘shimcha 1 500 000 so‘m to‘lov qilishini talab qilgan. Iste’molchiga qo‘shimcha to‘lovi uchun chek berilmagan. Murojaatchi umumiy 5 089 000 so‘m miqdorida zarar ko‘rganligi sababli to‘lagan to‘lovni to‘liq miqdorini qaytarishda Qo‘mitadan amaliy yordam so‘ragan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan murojaat o‘rganilib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.
Ya’ni;
– tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
– tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
– tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
– xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
– shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
Olib borilgan o‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra iste’molchi va “Uzum market” ilovasi orqali onlayn do‘kon o‘rtasidagi shartnoma bekor qilindi va 5 089 000 so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarilishi ta‘minlandi.