So’nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo’yishga qaratilgan keng ko’lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan takomillashtirish bo’yicha belgilangan vazifalar korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini yaratishni taqozo etmoqda.
Bu borada Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Huquqiy Isloxotlar Dasturi (LRP) rasmiy vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Mazkur uchrashuvda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari o’rinbosari R.Nazarova, partiya eksperti K.Islomov hamda Avstriyalik xalqaro ekspert Martin Kroytner, Qo’mita raisi Sh.Sharaxmetov, Qo’mitaning Ichki audit, korrupsiyaga qarshi komplayens va huquqni qo’llash amaliyotini o’rganish boshqarmasi boshlig’i D.Nasirova, Strategik dasturlarni ishlab chiqish va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari B.Yusupjanov va boshqarma bosh mutaxassisi O.Shoyimov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida Qo’mita raisi Sh.Sharaxmetov tomonidan O’zbekistonda rivojlanayotgan soha, ya’ni tovar va xom-ashyo savdo jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy qilish, shu jumladan fyuchers, opsion hamda forvard shartnomalarini joriy etish, shuningdek, tovar xom-ashyo birja faoliyatini takomillashtirish bo’yicha amaliy hamkorlik zarur ekanini alohida ta’kidladi. Qo’mitaning korrupsiyaga qarshi komplayens faoliyati yuzasidan olib borilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xalqaro ekspert Martin Kroytner tomonidan ushbu sohada ulkan tajribaga ega mamlakatlar tajribasi va bu mavzudagi o’zining shaxsiy xulosa va takliflari bilan o’rtoqlashdi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad, kelgusida Qo’mita va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish, sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash, texnik ko’makni jalb etilishi, sohaga eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish bilan bir qatorda soha mutaxassislarini o’qitish va malakasini oshirish yuzasidan istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo’lgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.