Yurtimizning tarixi boy, tabiati go‘zal, xalqi mehmondo‘st. Asosiysi, o‘tgan asrlarda bunyod etilgan arxeologiya va monumental san’at yodgorliklari, masjid va madrasalar, tarixiy qarorgohlar, uy muzeylari, ziyoratgohlar, madaniyat binolari, tarixiy inshootlar, teatr va fotosurat uylari kabi noyob, qadimiy osori-atiqalar, moddiy va madaniy meroslar xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shu sababli, o‘tgan asrlarga tegishli bo‘lgan milliy boyligimiz va faxrimiz hisoblangan moddiy madaniy meroslarni asl holida asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo ba’zida madaniy tarixiy yodgorliklarga tashqi reklama bannerlari, turli o‘lchamdagi bilbordlarni o‘rnatish, ularga mix qoqish, simlar bilan osish va boshqa usullar bilan o‘rnatib, unga ziyon yetkazilayotgan holatlar ham uchrab turadi. Bu qonunga xilof harakatlarning barchasi, birinchi navbatda davlat muhofazasida bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazilishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasida, tashqi reklama va axborot obyektlariga (konstruksiyalariga) doir asosiy talablar belgilab berilgan. Unga ko‘ra, moddiy madaniy meros obyektlarida tashqi reklamani joylashtirish taqiqlanadi. Bu me’yor asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tarixiy obidalarni asrab-avaylash maqsadida mustahkamlangan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan bunday qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar va aholi o‘rtasida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlarini muntazam ravishda tashkil etib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: ushbu sohaga oid O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib. Unga ko‘ra, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish hamda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilgan.