Avtomobillar ishlab chiqarish korxonasidan iste’molchiga yetib kelguniga qadar bir qancha jarayonlardan o‘tadi. Shu davrda avvalo ishlab chiqarishda, so‘ng tashish va sotuvda uning sifatiga putur yetmasligi kerak bo‘ladi. Samarqand viloyati Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G‘.H. yetkazib berilgan avtomashinani ko‘rib, uning yangiligiga shubha qildi. Avtosalonning o‘zidayoq bu avtomobilni xarid qilishdan voz kechdi.
Shundan so‘ng Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga avtomobil masalasi hal etilmayotganligi yuzasidan murojaatini qoldirdi.
Mazkur murojaat Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan avtosalonda o‘rganib chiqildi. Unga ko‘ra, iste’molchi “Cobalt” rusumli avtomashina uchun “Drivers Village” MChJ bilan shartnoma tuzgani, keltirilgan avtomashina holati qoniqarsiz ekanligi muammoga sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Aslida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori Chakana savdo qoidalarining 120, 121-bandlarida, avtomototransport vositalari savdo zaliga qo‘yilguniga qadar ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan ishlar hajmiga muvofiq savdo oldi tayyorgarligidan o‘tishi kerak. Bunday tayyorgarlik sotuvchi yoki sotuvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida bunday talabni bajaruvchi korxona tomonidan amalga oshiriladi. Servis daftarida yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatda tayyorgarlik o‘tkazilganligi to‘g‘risida belgi qayd etiladi. Hujjatda bunday belgini qayd etmasdan avtomototransport vositalari sotilishi mumkin emasligi belgilab berilgan.
Sotuvchi rasmiylashtirishgacha xaridorga avtomototransport vositasini sotishdan oldin tayyorlashga doir bajarilgan ishlarning sifatini, uning butlanganligini tekshirish, shuningdek kafolat majburiyatlari shartlari bilan tanishish imkonini berishi kerak.
Ammo ushbu MChJ mas’ul xodimining mas’uliyatsizligi sabab bu jarayon amalga oshirilmay, xaridorga taqdim etilgan.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, “Cobalt” avtomashinasidagi kamchiliklar bartaraf etildi, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan masʼul xodimga nisbatan esa jamiyat tomonidan tegishli chora ko‘rildi.