KAFOLATSIZ ISH KELTIRAR TASHVISH
Murojaatlarga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassislari Umida Mansurova va Sur’at Nigmanovlar javob berdi.
Nosoz avtoulov yangisiga
almashtirib berildi
— 2023 yilning noyabr oyida tadbirkorga qarashli avtosalondan kafolat muddati bilan 289 900 000 so‘mga “CHERY ARRIZO 6 PRO” rusumli avtomashina sotib olgan edim. Ammo avtomashina nosoz holatdaligi sababli avtosalondan to‘lagan pullarimni qaytarib berishni yoki mashinani yangisiga almashtirib berishni so‘radim, biroq hech qanday natija bo‘lmadi…
B.S. Xorazm viloyati
— Ushbu murojaatda qayd etilgan holatga oydinlik kiritish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, haqiqatdan ham tadbirkordan sotib olingan avtomobil nosoz holatda ekanligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi 1-qismida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu holat shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab:
✔ “tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
✔ tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
✔ tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
✔ xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish; – shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash”ni talab qilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida, fuqaroga nosoz avtomobilning yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi. Agar tadbirkor qo‘mita mutaxassislariga murojaat qilmasa, ovoragarchilik va o‘zaro ziddiyatlar anchagacha cho‘zilishi aniq edi.
«Yo pulimni bering, yo mashinamni!»
— Avtosalondan “Oniks” modeldagi avtomobil xaridi uchun belgilangan mablag‘ni to‘lov qilgandim. Avtomashina esa o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi sabab, avtosalondan boshlang‘ich to‘lovimni qaytarib berishlarini so‘radim, ammo ushbu murojaatim o‘z yechimini topmadi…
Ismi-sharifi sir tutildi
— Ushbu murojaat ham qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 107 million so‘m pul mablag‘i fuqaroga qaytarib berildi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga qonun talablari ijrosi bo‘yicha tushuntirish o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart. Agar shartnomada belgilangan muddatda va’da bajarilmasa, mijoz to‘lagan mablag‘ini qaytarib olishga haqli.
Iste’molchi shartnomadan voz kechdi
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroning 2023 yil 21 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Portaliga qilgan murojaati bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Tahlillar jarayonida uy-joy olish maqsadida fuqaro “Darxon Servis” MCHJ bilan shartnoma tuzganligi, lekin uy-joy o‘z vaqtida bitkazib berilmaganligi bois shartnomani bekor qilganligi, ammo to‘lagan 209 000 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib berilmaganligi aniqlandi.
— O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
21-moddasi ikkinchi xatboshiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida fuqaro tomonidan to‘langan 209 000 000 so‘m pul mablag‘i murojaatchining plastik kartasiga o‘tkazib berildi. Shu tariqa kutishdan charchagan fuqaroga o‘zi yo‘q uy uchun to‘langan pullar qaytarib berildi.
To‘langan mablag‘ qaytarildi
Yangi uy xarid qilish bo‘yicha “Future Growth” MCHJ bilan ikki tomonlama shartnoma tuzilgan bo‘lib, Toshkent shahri Chilonzor ko‘chasida bino qurilishi boshlab yuborilgan. Qurilish jarayonida fuqaro jamiyat tomonidan taqdim etilayotgan ba’zi bir qurilish anjomlari va uy jihozlaridan voz kechib, qo‘shimcha to‘lov qilgan holda ularni boshqa turdagisiga almashtirish istagini bildiradi. O‘zaro kelishuvga asosan iste’molchi tanlagan eshik va romlar, yuvinish xonasi anjomi va boshqalar quruvchilar tomonidan o‘rnatib beriladi. Ishlar nihoyasiga yetgach fuqaro “Future Growth” MCHJ xodimlaridan qayta hisob-kitob qilishni so‘ragan, masala esa muammoga aylanib ketgan. Talablari qondirilmagan fuqaro Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘z shikoyatini qoldirgan.
— Murojaat Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “Future Growth” MCHJni jalb etgan holda o‘rganib chiqildi. Unda jamiyat tomonidan taqdim qilinayotgan qurilish anjomlarining bozor bahosi o‘rganib chiqilib, qilingan qayta hisob-kitoblar iste’molchining yangi xonadoni uchun qilgan xarajati 21 155 000 so‘mni tashkil etgani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko‘ra, Iste’molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida eslatib o‘tiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1-moddasida, Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o‘z Fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarini o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida o‘z huquq va burchlarini belgilashda va qonunchilikka zid bo‘lmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
Kodeksning 354-moddasiga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkinliklari belgilangan. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, kodeksning 382-moddasiga ko‘ra, agar Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Hududiy boshqarma tomonidan yuqorida aniqlangan holat yuzasidan “Future Growth” MCHJga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va fuqaro murojaatini tegishli tartibda qanoatlantirish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida fuqaro foydasiga 21 155 000 so‘m qaytarib berilishi ta’minlandi.
Har qanday xaridor — iste’molchi. Uning huquqlari qonun bilan himoya qilinadi. Ammo xaridor manfaatli shartnomalarni tuzishda shoshmasligi, har tomonlama “taroziga” solib, erkin qaror qabul qilishi kerak. Chunki masala hal bo‘lgan taqdirda ham tortishuv va qo‘ydi-chiqdilar oqibatida yaxshigina asab zo‘riqishlarini “ishlab” oladi.
Pokiza IDRISXON tayyorladi