Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda ichki iste’mol bozorida sifatsiz, iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning oldini olishga qaratilgan “Sifat nazorati” loyihasida asosida muntazam ravishda chakana savdoda tovarlar nazorat xaridi va ularni ekspertizadan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, 2023–yilning 10 oyida jami 186 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridini amalga oshirildi. Ekspertiza natijalari 17 nomdagi mahsulotlarning belgilangan talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Ushbu iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari ichida sut, qandolat mahsulotlari va osh tuzlari ham aniqlangan.
Misol uchun, “МЕДОВИК традиционний торт”da rasmiy import qiluvchi korxona nomi berilmagan. Shuningdek, ekspertiza natijalariga ko‘ra mahsulotda ichak bakteriyasi tayoqchalari guruhi aniqlangan.
Sut mahsulotlaridan “BIO SUT YOGURT” tamg‘alanishi amaldagi texnik reglament va standartlar talablariga nomuvofiq ravishda davlat tilida ma’lumot ko‘rsatilmagan. Yana bir kamchiliklaridan biri qadog‘i ochilgandan so‘ng saqlash sharoitlari haqida ma’lumot berilmagan. Baktereolgik tekshiruvlarda O‘z DSt 0366/19 talablariga javob bermagan, ichak bakteriyasi tayoqchalari guruhi mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasida iste’molchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqi belgilab berilgan. Tovar (ish, xizmat)ning iste’molchilar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga doir talablar qonunchilik bilan belgilanadi. Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Unda yodlangan tuzlarini ishlab chiqarish milliy standartlar, qoidalar hamda normalar talablariga muvofiq yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilab berilgan.
“Sifat nazorati” loyihasida aholi salomatligi uchun zarur bo‘lgan yodlangan osh tuzlarining ham sifati nazoratdan o‘tkazildi. Xarid qilingan “AZIYA” osh tuzi namunasi SanPiN O‘z DSt 1091:2017 talablariga nomuvofiq deb topilgan.Uning yodlanganlik darajasi 5,8 % chiqqan. Aslida yodning tuzdagi normasi 22-55 %ni tashkil etishi kerak.
Shuningdek, belgilangan yaroqlilik muddati o‘tgan yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari utilizatsiya qilinishi, sanoat yo‘li bilan qayta ishlanishi yoki qayta yodlanishi kerak.
Yuqoridagi mahsulotlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularni sotuvdan oldirilishi yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tegishli barcha zaruriy choralarni ko‘rib, mazkur holatlar yuzasidan aniqlangan korxonalarga ogohlantirish va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga tegishli tartibda nazoratlarni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar yuborildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida iste’molga yaroqsiz mahsulotlar savdo rastalaridan olib, utilizatsiya qilinishi va mavjud kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi.
Qo‘mita tomonidan joylarda sifatsiz, iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning oldini olishga qaratilgan “Sifat nazorati” loyihasi davom ettirilmoqda…