Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xorijiy tajriba: mahsulotlarni bozordan qaytarib olish
Butunjahon sifat kunida isteʼmolchinig asosiy huquqlaridan biri bo‘lgan sifatli mahsulot yoki xizmatlarni sotib olish huquqiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim.
Hozirgi vaqtda ishlab chiqaruvchilar ham, isteʼmolchilar ham sifat uchun kurashishlari kerak. Ammo bozorda sotilayotgan mahsulot sifat talablariga javob bermasa, ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) isteʼmolchiga tovarni almashtirish yoki pulini qaytarishni taklif qilishi, kompensatsiya to‘lashi yoki baʼzi hollarda hatto mahsulotni bozordan olib tashlashi shart.
Isteʼmolchiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan nuqsonli tovarni sotuvdan olib tashlanishi juda muhim amaliyot hisoblanadi. Ushbu jarayon orqali ishlab chiqaruvchi va uni tartibga soluvchi organlar nafaqat nuqsonli mahsulot bilan bog‘liq xavfni kamaytirishadi, balki korxona faoliyatiga yetishi mumkin bo‘lgan zararni bartaraf etishga harakat qilishadi.Taʼminot zanjiridagi har bir tashkilot o‘zi yetkazib beradigan mahsulotlar bilan bog‘liq potensial xavfsizlik holatlarini baholash va hal qilish uchun javobgardir.
Ishlab chiqaruvchi tomonidan tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, ishni bajarish va xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish bajarilmagan taqdirda tovarni muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olish isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yoki nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari ko‘rsatmasiga binoan amalga oshiriladi. Baʼzi hollarda tegishli idoralar aholini xavfli mahsulotdan himoya qilish maqsadida majburiy qaytarib olishni boshlashi ham mumkin.
Quyida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish organlarining mahsulotni qaytarib olish sohasidagi xalqaro tajribasi ko‘rib chiqiladi.
ROSSIYA. ROSPOTREBNADZOR
“Rospotrebnadzor” ishlab chiqaruvchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilishlarini taʼminlash, mahsulot xavfsizligi va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiqligini taʼminlash, shuningdek, isteʼmolchilarni himoya qilish va mahsulot xavfsizligi qoidalarini ishlab chiqish kabi ko‘plab vakolatlarga ega.
Rossiya Federatsiyasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi o‘z mahsuloti isteʼmolchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mulki; atrof-muhit uchun xavf tug‘dirishi bilan bog‘liq har qanday xavf haqida xabardor bo‘lgach, nuqson bartaraf etilgunga qadar bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki sotishni to‘xtatib turishi shart. Zarur bo‘lganda, ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) tovarni muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olishga majburdir.
Talablarga rioya qilmagan taqdirda, “Rospotrebnadzor” ularni bajarishi va ishlab chiqaruvchiga yoki sotuvchiga va uning masʼul mansabdor shaxslariga nisbatansanksiyalarni (fuqarolik, maʼmuriy va hatto jinoiy) qo‘llashi mumkin.
AVSTRALIYA. AVSTRALIYA RAQOBAT VA ISTEʼMOLCHILAR KOMISSIYASI (ACCC)
Avstraliyada mahsulot xavfsizligini tartibga solish Avstraliya raqobat va isteʼmolchilar komissiyasi hamda shtatlar va hududlarning umumiy masʼuliyati hisoblanadi.
“ACCC” yirik korporatsiyalarni nishonga olishga intiladi. Qonunga rioya qilmaslik huquqbuzarlik deb topilishi va (yoki) komissiya tomonidan fuqarolik-huquqiy javobgarlikga tortilishi mumkin.
Yetkazib beruvchilar tovarni muomaladan chiqarish paytida nafaqat qonuniy majburiyatlarga, balki “ACCC”ning norasmiy talablariga ham rioya qilishlari kerak. Bularga tovarni muomaladan chaqirish strategiyasini ishlab chiqish uchun “ACCC” bilan ishlash va muomaladan chiqarish vaqtida “ACCC”ga muntazam ravishda bajarilgan ishlar haqida hisobotlarni taqdim etish kiradi.
Avstraliya isteʼmolchilar qonuniga ko‘ra, yetkazib beruvchilar mahsulotni qaytarib olishni boshlaganda bosh vazirni xabardor qilishlari shart. “ACCC” vazir nomidan bildirishnoma oladi va maxsulotni muoamaladan chiqarib olishni nazorat qiladi.
JANUBIY AFRIKA. ISTEʼMOLCHILAR MILLIY KOMISSIYASI
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar komissiyani tovarni muomaladan chiqarib olish to‘g‘risida xabardor qilishlari shart. Komissiyaning nuqsonli mahsulotni bozordan olish bo‘yicha asosiy maqsadi har qanday xavf tug‘diradigan mahsulot bozordan va isteʼmolchilar qo‘lidan samarali ravishda olib tashlanishini taʼminlashdan iborat.
Shuningdek, mahsulotni ixtiyoriy ravishda muomaladan chiqarish yetkazib beruvchilar tomonidan tashabbus qilinishi mumkin. Komissiya yoki boshqa tartibga soluvchi organlar, shuningdek, yetkazib beruvchilar bilan mahsulotni qaytarib olish bo‘yicha muzokaralar olib borishi mumkin. Komissiya oxirgi chora sifatida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq aholini xavfli mahsulotlardan himoya qilish uchun tovarni muomaladan majburiy chiqarishni buyurishi mumkin.
YAPONIYA. ISTEʼMOLCHILAR BILAN ISHLASH AGENTLIGI
Yaponining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Isteʼmolchilar bilan ishlash agentligi davlat organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlardan isteʼmolchilar boshdan kechirgan baxtsiz hodisalari to‘g‘risida maʼlumot oladi, maʼlumotlarni jamlaydi va muntazam ravishda ommaga eʼlon qiladi.
Isteʼmolchilar bilan ishlash agentligi nuqsonli tovarni muomaladan chiqarish, almashtirish, tekshirish, taʼmirlash va boshqa xizmatlar uchun qaytarib olingan isteʼmolchi mahsuloti maʼlumotlariga asoslangan “Mahsulotni qaytarib olish to‘g‘risida maʼlumot sayti”ni boshqaradi. Tovarlar qatoriga avtomobillar, uy va maishiy texnika, sport anjomlari, o‘yinchoqlar, xalq isteʼmol tovarlari, kosmetika va oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bunday maʼlumotlar tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq, shuningdek, masʼul xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bevosita Agentlikka hisobot berishi yo‘li bilan to‘planadi.
Ushbu sayt shuningdek, muomaladan chiqarilgan mahsulot bilan bog‘liq noxush jiddiy holatlar, shuningdek, yaqinda sotuvi to‘xtatilgan mahsulotlar ro‘yxati haqida maʼlumot olish uchun elektron pochta xizmatini taklif qiladi. Ushbu xizmat orqali ro‘yxatdan o‘tgan barcha foydalanuvchilar “yoshi katta isteʼmolchilar” yoki “bolalar” uchun mo‘ljallangan maxsus maʼlumotlarni ham olishlari mumkin.