Sir emaski, shu kungacha isteʼmolchilar ayrim tovar (xizmatlar) uchun banklar va to‘lov tizimlari (to‘lov tashkilotlari) orqali to‘lovni amalga oshirganda qo‘shimcha haq undirib kelingan. Misol uchun, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar, majburiy ijro uchun to‘lovlar, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar hamda ID-kartasi yoki xorijga chiqish uchun biometrik pasport berganlik uchun isteʼmolchidan qo‘shimcha 1 foizdan 3,3 foizgacha alohida vositachilik haqi olib kelingan.
Endilikda bunday bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-martdagi PQ-88-sonli qaroriga muvofiq, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 2023-yil 1-maydan boshlab qaror ilovasidagi ro‘yxatda keltirilgan to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatganlik uchun alohida qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilinib, vositachilik haqi (yig‘imlar) undirishning yangi tartibi joriy etilmoqda.
Xususan, benefitsiari (pul mablag‘larini oluvchi subyekt) budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan to‘lovlar bo‘yicha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi (yig‘imlar) to‘lov shaklidan qatʼiy nazar to‘lovchi – jismoniy shaxsdan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undiriladi.
Bunda, vositachilik haqi (yig‘imlar) miqdori to‘lov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan (bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi) ko‘p bo‘lmagan miqdorda bo‘lishi nazarda tutilgan.
O‘z navbatida shuni taʼkidlash kerakki, aholi tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar pul mablag‘larini oluvchi subyektga to‘liq to‘langan hisoblanadi va vositachilik haqi mablag‘ oluvchi hisobidan chegirib qolinadi.
Mazkur qarori ilovasiga muvofiq, 2023-yil 1-maydan boshlab aholi turmushida ko‘p hollarda duch kelinadigan quyidagi to‘lovlar bo‘yicha isteʼmolchidan qo‘shimcha vositachilik haqi olinmasligi lozim:
– barcha turdagi davlat boji va maʼmuriy jarimalar bo‘yicha to‘lovlar;
– davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga to‘lovlar;
– maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
– barcha turdagi kommunal xizmatlari uchun to‘lovlar;
– Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha undiriladigan to‘lovlar;
– “E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
– avia, temir yo‘l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to‘lovlar.
Mazkur xizmatlarga to‘lovni amalga oshirganingizda, qo‘shimcha haq so‘ralganda yoki to‘lov summasidan chegirib qolinganda, Qo‘mitaga yoki Markaziy bankka murojaat qilishingizni so‘raymiz.