ISTE’MOLCHIDAN SAVOL:
- Biz hovlida yashaymiz. Oila a’zolarimiz yakshanba kunlaridan tashqari kunduz kunlari o‘qish va ishda bo‘lishadi. Shunga chiqindilarni tashlashda birmuncha muammo bo‘ladi. Savolim chiqindi mashinalar asosan nimalarni olib ketadi va ularning kelib-ketish tartibi qanday?
MUTAXASSIS JAVOBI
Avaz UMMATOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i:
– Avvalo birinchi savolingizga javob berib o‘tsam, chiqindi mashinalari qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilib, hududdan tashib ketadi. Ularga nimalar kiradi, bu haqda tushuncha berib o‘tsam:
Qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek, ularning hududida va obodonlashtirish obyektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar ya’ni oziq-ovqat va o‘simlik chiqindilari, to‘qimachilik mahsulotlari, o‘rash-joylash (qadoqlash) materiallari, shisha, rezina, qog‘oz, plastmassa, yog‘och chiqindilari, o‘zining foydalanish xususiyatlarini yo‘qotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, supurindi, shuningdek, qattiq yoqilg‘ida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bug‘ qozonlaridan foydalanish natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar hisoblanadi.
Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi, bunda sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiq maishiy chiqindilarni saqlashning cheklangan muddati o‘tib ketmasligi lozim.
Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — bir kunda bir marotaba va yakka tartibdagi turar joy sektoridan «signal» usulida
— uch kunda bir marotabani tashkil qiladi.
Manba : https://lex.uz/docs/4191475