Eldor DEHQONOV,
Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Qo‘g‘ay” mahallasi raisi:
— Mahalla xodimlari aholidan kommunal to‘lovlarini undirishda soha xodimlariga yordam beramiz. Ba’zida inspektorlar uyma–uy yurib, iste’molchilardan qarzdorlik uchun mablag‘ oladi va kvitansiya yozib beradi. Ammo oradan ma’lum vaqt o‘tgach, iste’molchiga to‘lov amalga oshirilgan oylar uchun yana qarzdorlik hisoblanadi. Tekshiruvlarda inspektor yozib bergan kvitansiyadagi mablag‘ amalda hisob raqamga kelib tushmagan bo‘ladi. Ya’ni, inspektor pulni olgan, kvitansiya yozgan, ammo pulni to‘lamagan. Shunday holatda iste’molchilar huquqini qanday tiklashlari mumkin? To‘langan pullarni qaytarish imkoni bormi?
Iste’molchi to‘lagan pullarini qaytarib oladimi?
A.AHMEDOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi:
— Afsuski, bu kabi voqeliklar uchrab turibdi. Ya’ni, fuqarolardan ilgari kommunal inspektor xodimi sifatida faoliyat yuritgan mutaxassis to‘lov qabul qilgani, biroq, belgilangan tartibda kvitansiya berilmagani, ushbu to‘langan pul mablag‘lari fuqarolarning hisob raqamlariga kelib tushmaganligi ortidan o‘zaro nizoli vaziyatlar uchrab turadi. Xo‘sh, bu kabi holatda iste’molchilar qanday yo‘l tutishi kerak? O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 10-moddasiga muvofiq, oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovar (ish, xizmat)larni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi; 13-moddasiga muvofiq, iste’molchining talablari u kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqiladi.
Yuqoridagi savolga sabab bo‘lgan holatda, fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan ish xizmatga to‘lovni amalga oshirishda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan kvitansiya berilmagan. Pul mablag‘larini o‘zini inspektor deb tanishtirgan shaxs qabul qilgan. Bu vaziyatda to‘lov qabul qilgan fuqaro aholini ishonchiga kirib, pul mablag‘larini o‘zlashtirib yuborganligi uchun iste’molchilar ichki ishlar idoralariga murojaat qilishi kerak.