MENDA SAVOL BOR…
To‘lqinjon JO‘RAYEV,
Pop tumanidagi “Obihayot” mahallasi raisi:
— Mahalladagi ko‘p qavatli uylarga bir hafta avval issiqlik ta’minoti berildi. Ammo tarmoqdagi nosozlik sababli uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya ko‘p qavatli uylarga issiqlikni vaqtida yetkazib bera olmadi. Natijada aholi issiqlik ta’minoti bilan kech ta’minlandi. Endi mana shu davr uchun kommunal to‘lovni to‘lamaslik mumkinmi? Buning uchun kimga murojaat qilish lozim?
“Issiqlik ta’minoti kechiksa, kimga murojaat qilamiz?”
Sur’at NIGMANOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi:
— Ko‘p qavatli uylar O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot, ya’ni shirkat xo‘jaligi tomonidan shartnoma asosida boshqariladi. Shartnoma mavjud qonunlar va qarorlarga asoslangan holda tuziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan “Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish” qoidalari tasdiqlangan bo‘lib, mazkur qoidalarda xona harorati, issiq suvning harorati qancha bo‘lishi hamda issiq suv bilan ta’minlash qachondan boshlanishi va qachon tugatilishi, issiqlik ta’minoti xizmatlari to‘lovlari belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi belgilangan. Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Qonunning 4-moddasida iste’molchilarning asosiy huquqlari aks etgan bo‘lib, bunda buzilgan huquqlar yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilinishini so‘rab, sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish mumkin.
Shartnoma bo‘yicha yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish tartibi shartnomada belgilangan. Shuning uchun fuqarolar shartnomaga asosan, shirkat xo‘jaligi tomonidan isitish tizimi bilan vaqtida ta’minlanmaganligi, ya’ni shirkat xo‘jaligi shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun isitilmagan kunlar uchun to‘lovdan ozod qilish bo‘yicha shirkat xo‘jaligining o‘ziga murojaat qilishadi. Agar nizo hal bo‘lmasa, yuqoridagi qonun va qonunosti hujjatlarga asosan sudga murojaat qilish lozim.