Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2023-yilning 8 oyi davomida xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan rozilik olish yuzasidan jami 103 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 15 ta murojaat xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga rozilik olish to‘g‘risida bo‘lsa, 88 tasi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olishga oldindan rozilik olish bilan bog‘liq murojaatlar.
Ushbu murojaatlarning 80 tasi bo‘yicha Qo‘mita maxsus komissiyasining bitimlarga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori chiqarilgan, 5 tasi bo‘yicha ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berganlik uchun yig‘im belgilangan muddatda to‘lanmaganligi uchun maxsus komissiyasining rozilik berish to‘g‘risidagi qarori bekor qilingan, 17 tasi bo‘yicha oldindan roziligi talab etilmasligi to‘g‘risida tegishli javob xatlari berilgan.
Kelib tushgan barcha murojaatlar tahlil qilinib, Qo‘mita tomonidan jami 7311 mlrd so‘mlik bitimlarga oldindan rozilik berildi, shundan 53,5 foizi, ya’ni 3910 mlrd so‘mlik (340,5 mln AQSh dollari) bitimlar xorijiy investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xususan, hisobot davrida quyidagi bir nechta yirik bitimlarni tuzishga Qo‘mita maxsus komissiyasining oldindan roziligi berilgan:
“TASHKENT AQUARIUM” MCHJ tomonidan “STARGATE SYSTEMS” MCHJning ustav fondidan 99,9 foiz ulush olishiga, (ustav fondi miqdori: 371,4 mlrd so‘m);
“VEON UZBEKISTAN HOLDING B.V” kompaniyasi (Niderlandiya) va “VEON CENTRAL ASIA B.V” kompaniyasi (Niderlandiya) shaxslar guruhi sifatida “UNITEL” MCHJ QKning ustav fondidan 100 foiz ulush olishiga, (ustav fondi miqdori: 31,5 mln AQSh dollari);
TOO “MAGNUM CASH&CARRY” kompaniyasi tomonidan (Qozog‘iston) tomonidan “MAJID AL FUTTAIM HYPERMARKETS” MCHJ XKning ustav fondidan 100 foiz ulush olishiga (ustav fondi miqdori: 210,6 mlrd so‘m).
“EMTEKO HOLDING SIA” kompaniyasi (Latviya) tomonidan “REKA-MED FARM” MCHJ QKning ustav fondidan 85,16 foiz ulush olishiga, (ustav fondi miqdori: 5, 37 mln AQSh dollari);
“INSURANCE 8888” MCHJ tomonidan “PERFECT INSURANCE” AJ ning ustav fondidan 100 foiz ulush olishiga, (ustav fondi miqdori: 37 ,2 mlrd so‘m).
O‘tgan 8 oy davomida Qo‘mita tomonidan rozilik berilgan bitimlar sohalar kesimida tahlil qilinganda: 18 ta holatda qurilish, 12 ta holatda savdo va xizmat ko‘rsatish, 10 ta holatda moliya va sug‘urta, 9 ta holatda yengil sanoat, 9 ta holatda axborot texnologiyalari va dasturlash, 7 ta holatda energetika, 7 ta holatda raqamli platforma (fintex), 4 ta holatda mashinasozlik, 3 ta holatda tibbiy xizmat va farmatsevtika, 2 ta holatda turizm, 2 ta holatda boshqa sohalarda Qo‘mita tomonidan bitimlar tuzilishiga rozilik berilgan.
Shuningdek, joriy yilning 8 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi PF-6019-son Farmoniga muvofiq davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish yuzasidan jami 32 ta murojaat kelib tushdi. Shundan, 12 ta holatda tovar bozori rivojlanmaganligi sababli davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga, 1 ta holatda qayta tashkil etishga rozilik berildi, 1 ta holatda tovar bozori rivojlanganligi, ushbu bozorda xususiy tadbirkorlik subyektlari 5 tadan ko‘pligi sababli davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyekt tashkil etilishiga rozilik berish rad etildi hamda 16 ta holatda davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyekt hamda davlat muassasalari tashkil etilishiga oldindan rozilik olish shart emasligi sababli rozilik talab etilmasligi to‘g‘risida xat yuborildi.
Xususan, davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga oldindan roziligini olish yuzasidan:
“O‘zbekgidroenergo” AJning 65 foiz va “XJY Power Pte.Ltd” kompaniyasining (Singapur) 35 foiz ta’sischiligida quvvati 15 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha “UGE – JINLUN” MChJ QK (ustav fondi miqdori: 4,8 mlrd so‘m);
“O‘zkimyosanoat” AJning 49 foiz va “IPL Biologicals Limited” kompaniyasining (Hindiston) 51 foiz ta’sischiligida biopestitsidlar va bioo‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha “UzIPLBiologicals” MChJ QK tashkil etilishiga (ustav fondi miqdori: 1,2 mlrd so‘m) oldindan rozilik berildi.
Bundan tashqari, 2 ta holatda (“O‘zkimyosanoat” AJ, “Olmaliq KMK” AJ) Qo‘mitaning oldindan roziligini olmasdan davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tashkil etganligi aniqlandi va ular bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Qo‘mita tomonidan iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish sohasida tizimli ishlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda va ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikka batafsil ma’lumotlar taqdim etib borilmoqda.
Shuningdek, alohida eslatib o‘tmoqchimizki yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga asosan (joriy yil 4-oktyabrdan kuchga kiradi), kichik va o‘rta biznes subyektlariga nisbatan ma’muriy yukni qisqartirish maqsadida korxonalarni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborishga rozilik olish talab qilinadigan bitimlar bo‘yicha korxonalarning aktivlari qiymatiga talab 5 baravarga oshirilib, endilikda aktivlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz ming baravari miqdorida belgilanmoqda. Bu shuni anglatadiki, aktivlar qiymati 165 mlrd (amalda 33 mlrd) so‘mdan kam bo‘lganda korxonalarni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborishda rozilik olish talab etilmasligi bo‘yicha yangi tartiblar belgilangan.