Ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktyabrdagi 549-son qarori yuzasidan qilinayotgan ayrim talqinlar yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quydagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktyabrdagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 549-son qarori nazarda tutilgan normalarga o‘zgartirish kiritishlar bo‘yicha yangi qoidalar xalqaro tashkilotlar va xalqaro ekspertlar tavsiyalarini inobatga olgan holatda xalqaro tajribadan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Jumladan,Quydagi yangi tartiblar nazarda tutilgan:
1.Raqobatga qarshi kelishuv tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan shaxs bu haqda monopoliyaga qarshi kurash organiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy xabar qilsa, unga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
Raqobatga qarshi kelishuv tuzilganligini yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar ular xufiyona sodir etilishi sababli ularni aniqlash qiyin. Bunda birinchi bo‘lib u to‘g‘risida xabar bergan shaxs monopoliyaga qarshi organga qonun buzilishni ochishda ko‘maklashgan hisoblanadi.
Shu bois, xalqaro tajribani (Niderlandiya, Vengriya va boshqaYevropa ittifoqi mamlakatlari) inobatga olib ushbu tartib belgilanmoqda.
Ushbu tartibni nazarda tutuvchi asoslar O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 3-iyuldagi O‘RQ-850-son “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 20-moddasida hamda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-108-son Farmoni 3-bandi ham tegishlicha belgilangan edi.
Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga, raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan shaxs bu haqida monopoliyaga qarshi organga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, ushbu shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan.
2.Monopoliyaga qarshi organ raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikning iqtisodiy ta’siri past holatlar bo‘yicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilmaydi, ularga profilaktik tushuntirish tadbirlari amalga oshiradi.
Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikning oqibati har doim ham jiddiy bo‘lmasdan, ayrim hollarda iqtisodiy ta’siri past bo‘lishi mumkin, ushbu holatlarda qonunchilikni buzgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan yirik jarimalar qo‘llanilishi adolatsiz hisoblanadi, shuningdek, xalqaro ekspertlar tavsiyalarida ham bularga to’xtalib o’tilgan edi.
Bunday holatlar jumlasiga quyidagilarni misol qilib keltirishimiz mumkin:
tovar va moliya bozorlarini tahlil qilishda monopoliyaga qarshi organga uning so‘roviga asosan ma’lumotlarni taqdim etmaslik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik;
savdolar o‘tkazilishida ularni o‘tkazish tartibini buzilishi:
savdolar bo‘yicha yakuniy natijalarini e’lon qilinishi yoki savdolar natijalari bo‘yicha shartnomalar tuzilgunga qadar aniqlanganda;
savdolarni o‘tkazish tartibini buzish savdolar natijasiga ta’sir etmaganda;
raqobatni cheklashga olib kelgan harakat bozor ishtirokchilari, iste’molchilarga bevosita moliyaviy zarar keltirib chiqarmaganda;
ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega xo‘jalik yurituvchi subyektlarning uning kontragentlari yoki iste’molchilari bilan tuzilgan shartnomalarga raqobatni cheklovchi yoki kamsituvchi shartlarni kiritganlik holatlari amaliy jihatdan hayotga tatbiq etilgunga qadar aniqlanganda.
3.Raqobat qo‘mitasi xodimlari tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi.
Ma’lumki, monopoliyaga qarshi organ raqobat to‘g‘risidagi va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Raqobat qo‘mitasi xodimlari tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilishi, keyinchalik tanlov (tender) komissiyalari ishini tekshirishda manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tanlov (tender)larni tekshirishda xolisligini ta’minlash maqsadida monopoliyaga qarshi organning xodimlari tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmasligi maqsadga muvofiq. Ushbu norma ham xalqaro ekspertlar tavsiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, ushbu tartibni nazarda tutuvchi asoslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-son “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni 3- bandida ham belgilab o’tilgan.
Ushbu farmondan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi “Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida foydalanishdan chiqqan yerlarni foydalanishga kiritishni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga Raqobat qo‘mitasining xodimlari davlat-xususiy sheriklik sohalaridagi tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilgan.