Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga asosan tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan asossiz qarzdorliklarni hisoblash va undirish bilan bogʻliq murojaatlar koʻplab kelib tushadi.
Misol tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi “Transyoʻlqurilish” kompaniyasi davlat unitar korxonasi Andijon filialiga qarashli Shaxrixon asfaltbeton qorishmalar tayyorlovchi zavodi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani aeroporti qurilishi va tuman yoʻllariga asfaltbeton qorishmalarini yetkazib berish maqsadida zavod Moʻynoq tumaniga koʻchirildi va uskunalarni oʻrnatdi.
Barchamizga maʼlumki, asfaltbeton qorishmalarini tayyorlashda tabiiy gazning ahamiyati katta va koʻp isteʼmol qilinadi.
Mazkur tabiiy gazdan foydalanish vaqtida “Transyoʻlqurilish” kompaniyasining gazdan haqiqiy isteʼmol qilinganiga, “Hududgaz Qoraqalpogʻiston” gaz taʼminoti filiali tomonidan qoʻshib yozish va asossiz qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi.
Mazkur holat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining xodimlari tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganish natijasida “Transyoʻlqurilish” DUK Moʻynoq filialida oʻrnatilgan gazni hisobga olish uskunasi davlat qiyoslovidan oʻtkazildi va ijobiy xulosasi olingandan soʻng “Hududgaz Qoraqalpogʻiston” gaz taʼminoti filiali xodimlari korxonaning Moʻynoq va Qipchoq filiallari tomonidan isteʼmol qilingan tabiiy gaz miqdorlari qayta hisoblab chiqildi.
Natijada, “Hududgaz Qoraqalpogʻiston” gaz taʼminoti filiali tomonidan asossiz hisoblangan jami 255 million soʻm Qoʻmitaning aralashuvi natijasida “Transyoʻlqurilish” DUK foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.