Kun.uz rasmiy kanali orqali eʼlon qilingan “Oziq-ovqat xavfsizligi, valyuta kursi va makroiqtisodiy barqarorlik. Ukrainadagi urushning Oʻzbekistonga taʼsiri boʻyicha tahlil va prognozlar” hamda “Oʻzbekistonda yogʻ narxi muammosi kun tartibiga qaytishi mumkin” sarlavhali maqolalarida keltirilgan holat Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan oʻrganildi.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi yuzaga kelgan keskinlik, chegaralarning yopilishi va valyuta kursi tebranishlari natijasida jahon bozorlarida murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda. Bu holat Oʻzbekiston ichki isteʼmol bozorlarida taqchillik kelib chiqishini oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlarni taqozo etadi.
Birinchi navbatda, Oʻzbekiston sharoitida yetishtirish imkoni mavjud boʻlmagan (shakar xomashyosi) yoki qisman yetishtiriladigan bugʻdoy, kungaboqar xomashyosi kabi ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan mahsulotlarni barqaror va maqbul narxlarda olib kirish, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan bugʻdoy uni, shakar, paxta yogʻi va boshqa mahsulotlarning narxlarini oshib ketmasligini nazorat qilish, aholini vahimaga berilib, “shok” holatlaridan himoyalash Hukumat va davlat organlarining asosiy vazifasi boʻlib turibdi.
Mana birgina misol tariqasida shakar mahsulotini oladigan boʻlsak, ijtimoiy tarmoqlarda hamkor mamlakatlar doʻkonlaridagi vahima haqidagi tarqalgan ayrim videolavhalar hisobiga mart oyining oʻzida 2-3 kun davomida ichki bozorlarda shakar mahsulotining narxi sunʼiy 1,5 barobargacha oʻsdi. Isteʼmolchilar orasida norozilik va vahima yuzaga kelmasligi uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bir necha marotaba munosabat bildirdi, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot berildi. Qoʻmita tomonidan birja savdolarida shakar sotilishi tartiblariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.
Shuni taʼkidlash joizki, Kun.uz rasmiy kanali maqolasida shakar va shakar mahsulotlari 60 foizdan ortigʻi Rossiyadan keltirilishi yuzasidan maʼlumot berilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra 2021-yilda jami 23,3 ming tndan ortiq hamda joriy yil yanvar-mart oylari davomida atigi 83 tndan ortiq shakar mahsuloti import qilingan va avval xabar berganimizdek, shakar importi boʻyicha Rossiya va Ukraina davlatlarining ichki bozordagi ulushi bor-yoʻgʻi 2 foizni tashkil etadi.
Joriy yilning boshida mahalliy shakar zavodlari va xalqaro treyderlar orasida shakar xomashyosi boʻyicha maqbul birja kotirovkalarida shartnomalar tuzilgan. Shartnomaga asosan bugungi kunda xomashyo Braziliya davlatidan xarid qilinmoqda. Shu bilan birga, birinchi yarim yillikda amaldagi yetarli boʻlgan 39 ming tndan ortiq shakar xomashyosi va 43 ming tn tayyor shakar zaxirasi mavjud. Shuningdek, iyun oyiga qoʻshimcha 191 ming tn xomashyoga shartnomalar tuzilgan, yaʼni mamlakatimizda jami 273 ming tn ortiq yoki yillik isteʼmol talabining deyarli yarmi miqdorida shakar resurslari mavjud.
Bundan tashqari, respublika aholisiga shakar mahsulotini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida Hukumat tomonidan zarur choralar koʻrilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda “Elga xizmat” rastalarida maqbul narxda shakar sotish tashkil etilgan.
Aholi va tadbirkorlar tomonidan buni toʻgʻri qabul qilgan holda ishlar olib borilganligi uchun shakar narxi oldingi maromiga tushdi.
Bunday vaziyatlar qaytarilmasligi uchun joriy yilning 31-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtkazilgan videoselektorda Davlat rahbari tomonidan ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlarining barqarorligini taʼminlash va narx-navoning keskin oshib ketmasligi yuzasidan tezkor choralarni koʻrib borish maqsadida, Bosh vazir boshchiligida kundalik ishlaydigan Respublika shtabi tashkil etilishi belgilandi (bugungi kunda shtab oʻz faoliyatini boshlagan).
Davlat rahbari ushbu Respublika shtabiga quyidagilarni topshirdi:
– zarur oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan 500 milliard soʻm imtiyozli resurslarning qaytarish muddatini yil yakuniga qadar uzaytirish;
– bir hafta muddatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning yuzaga kelgan muammolarini kundalik hal etish tizimi joriy etish;
– birja savdolarida oziq-ovqat va xomashyoning toʻliq qoʻyilishi ustidan kunlik nazorat oʻrnatish va sunʼiy ravishda narx oshishining oldini olish boʻyicha tezkor choralarni koʻrib borish;
– uch kun muddatda shakar, un, yogʻ, goʻsht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz soligʻi va bojxona bojlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha asoslangan taklif kiritish belgilandi.
Ushbu topshiriqlarni bajarish maqsadida Hukumat tomonidan mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol kartoshkasi, oʻsimlik yogʻi, goʻsht, bugʻdoy kabi mahsulotlarini importida xarajatlarni kamaytirish yuzasidan ushbu mahsulotlarga bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar berish, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish, temir yoʻl transportida chegirma berish, ushbu faoliyatlar bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlar aylanma mablagʻlarini oshirish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish orqali narxlarni barqarorlashtirish yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan ichki bozorni un, bugʻdoy va oʻsimlik yogʻi bilan samarali taʼminlash maqsadida quyidagi muhim vazifalar belgilandi:
– aprel-iyul oylarida Qozogʻistondan 100 ming tonna bugʻdoy va qisman un import qilash va yana 500 ming tonna bugʻdoy import qilish boʻyicha tegishli idoralarga taklif tayyorlash;
– Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga 2022-yil 1-apreldan boshlab yil yakuniga qadar “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi tomonidan import qilinadigan bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻini temir yoʻllar orqali tashishda 50 foizli imtiyozli tariflarni qoʻllash.
Bundan tashqari, soʻnggi ikki oy mobaynida Pokistondan 91,3 ming tonna, Qozogʻistondan 12,6 ming tonna, Erondan 5,2 ming tonna, Rossiyadan 4,4 ming tonna, Qirgʻizistondan 4,3 ming tonna, Afgʻonistondan 4 ming tonna va boshqa mamlakatlardan jami 124,4 ming tonna kartoshka mahsuloti import qilindi.
Shuningdek, bugungi kunda davlat va ulgurji importyor tadbirkorlar tomonidan 100 ming tonna oʻsimlik yogʻi zaxira qilingan.
Shu bilan birga, tadbirkorlarga ijtimoiy oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.
Ichki bozorni shakar bilan uzluksiz ravishda taʼminlash maqsadida shakarni (uni ishlab chiqarish xomashyosini) yetkazib beruvchilar va logistika korxonalari bilan birgalikda Boltiq dengizi, Gruziya va Turkiyaning portlari orqali yetkazib berishning muqobil yoʻli sifatida amalga oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shuni alohida aytish lozimki, jahon bozorlaridagi Oʻzbekiston tomonidan import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari tebranishlari bevosita bizning ichki bozorlarimizga taʼsir etmasdan qolmaydi, shunday vaziyatlarda ham Hukumatimiz tomonidan eng maqbul va arzon narxlarda shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini aholimizga yetkazib berish choralari koʻrib boriladi.
Tarif, notarif va ragʻbatlantiruvchi instrumentlardan tashqari, ijtimoiy muhim ahamiyatga ega asosiy mahsulotlar narxlarini ichki bozorda keskin oshib ketishini oldini olish va ayrim subyektlar tomonidan taklifni sunʼiy qisqartirish boʻyicha harakatlarni bartaraf etish maqsadida Hukumat tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga quyidagi qoʻshimcha vakolatlarni berish koʻrib chiqilmoqda:
– mahsulotni oxirgi isteʼmolchigacha (“zanjiri”) boʻlgan davrdagi narx asossiz oʻsishi, yirik savdo tarmoqlari va dehqon bozorlarining tadbirkorlarga nisbatan suiisteʼmol qilish holatlari boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazish hamda chora koʻrish;
– asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan yozma ogohlantirish berish va tegishli choralar oʻrish;
– ustun mavqeni suiisteʼmol qilish, kelishib qilingan harakatlar va til biriktirishlar, shuningdek birja savdolariga majburiy qoʻyilishi kerak boʻlgan monopol va yuqori likvidli mahsulotlarni toʻliq hajmda chiqarmaganlik hamda taklifni qisqartirganlik va manipulyatsiyalar natijasida narxlarni sunʼiy oshirishga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri chora koʻrishdan iborat.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan kuni kecha oʻtkazilgan yigʻilishlari va qabul qilingan farmonlariga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga bozorlarda qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan, narxlarni asossiz sunʼiy ravishda oshirgan tadbirkorlarga nisbatan jarima qoʻllash vakolati berildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, aniq ishonch bilan ayta olamizki, Prezidentimiz nazoratida boʻlgan va Hukumat tomonidan koʻrilayotgan barcha choralar natijasida oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan narx barqarorligi doimiy taʼminlanadi. Shuningdek, Qoʻmita oziq-ovqat va boshqa zarur vositalarni narxini oshirish, sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali va dezinformatsiya xabarlarni tarqatmaslikni soʻrab qoladi.