O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatda fuqaro uy-joy olish maqsadida “Aygrem-Almagul’’ XK bilan shartnoma tuzgan, lekin uy-joy belgilangan muddatda topshirilmaganligi sababli, korxonadan amalga oshirilgan to‘lovni qaytarishni talab qilgan.
Ushbu masalada natija bo‘lmaganligidan norozi bo‘lib, fuqaro hududiy boshqarmaga amaliy yordam so’rab murojaat qilgan.
Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan mazkur murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlariga ko‘ra fuqaro “Aygrem-Almagul” XK bilan 2021 yil 13 yanvar kuni uy-joy olish maqsadida shartnoma tuzganligi aniqlangan. Shartnomaga ko‘ra, Uchquduq tumani “Abay” MFY hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan 1 xonali xonadon uchun belgilangan 127 250 000 so‘m to‘lovni amalga oshirilganligi tasdiqlandi. Ammo, fuqaroga uy-joyni korxona tomonidan topshirishga kechikishi sabablari taqdim etilmaganligi aniqlangan.
Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Qurilish korxonasiga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-21-moddalariga muvofiq huquqiy tushuntirilar berilib fuqaroning masalasini hal etishi yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Jumladan, Qonunga ko‘ra: 19-moddada Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Shuningdek, 21-moddada esa shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
Yuqoridagi murojaat yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida fuqaroga shartnomada keltirilgan “Abay” MFY hududida qurilgan 1 xonali uy-joy rasmiylashtirib berilishi ta’minlandi.