Hurmatli fuqarolar!
Joriy yilning 1-oktabridan boshlab fuqarolar tomonidan tanlab olingan nazorat obyektlarida nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda vazirlik va idoralarning Ichki audit xizmatlari faoliyati samaradorligini baholashni nazarda tutuvchi fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi joriy etildi. Barchamizda “Fuqarolar ishtirokidagi audit” tizimi nima ekanligi, nima uchun bu tizim kerak hamda u orqali nimalarga erishiladi kabi savollar paydo bo‘lishi mumkin.
Shu kabi savollarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
«Fuqarolar ishtirokidagi audit» tizimi – bu aholining budjet mablag‘larini budjet tashkilotlari tomonidan maqsadli va samarali sarflanishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirishda bilvosita ishtirok etishidir.
Buning uchun, avvalo, fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin bo‘lgan nazorat obyektlari ro‘yxati vazirlik va idoralar ichki audit xizmatlari tomonidan “Davlat auditi” dasturiga kiritiladi. Bunda, vazirlik va idoralar ichki audit xizmatlarining yillik nazorat rejasiga kiritilgan nazorat obyektlari mazkur ro‘yxatga kiritilmaydi. Shuningdek, ichki audit xizmatlari mavjud bo‘lmagan vazirlik va idoralar bo‘yicha nazorat obyektlari ro‘yxatini kiritish Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Agarda Siz budjet tashkilotlari faoliyatida budjet mablag‘laridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, korrupsion hamda boshqa huquqbuzarlik holatlarini mavjud deb hisoblasangiz yoki bu bo‘yicha xavotirlaringiz bo‘lsa ushbu muassasalarni “davlat auditi” ( https://davlatauditi.uz ) dasturidagi nazorat obyektlari ro‘yxati orqali nazorat tadbirlarini o‘tkazish uchun tanlashingiz mumkin bo‘ladi. Buning uchun “davlat auditi” (www.davlatauditi.uz) dasturining “Fuqarolar ishtirokidagi audit” menyusida one-ID, mobil-ID, E-IMZO, ID-karta orqali ro‘yxatdan o‘tiladi hamda budjet tashkilotlari ularda nazorat tadbirlari o‘tkazish sabablarini keltirgan holda tanlanadi. Bunda, tanlash har chorak birinchi oyining dastlabki 10 kunida (bugungi kunda 1–10-oktabr) amalga oshiriladi. Siz tomoningizdan budjet tashkilotlarini tanlash soni cheklanmagan. Lekin kalendar yil davomida bir budjet tashkiloti faqat bir marta tanlanadi. Tanlash jarayoni yakunlangandan keyin har bir vazirlik va idoralar kesimida tanlashlar soni o‘ntadan kam bo‘lmagan hamda eng ko‘p marta tanlangan uchta nazorat obyektlari g‘olib deb topiladi va nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Vazirlik va idoralar ichki audit xizmatlari tomonidan har bir vazirlik va idoralar kesimida 5 ish kunida (bugungi kunda – 15-oktabrga qadar) nazorat tadbirlari o‘tkazish muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu dasturda e’lon qilinadi va yilning oxirgi choragi 20-sanasiga (20-dekabr) qadar nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Bunda, ichki audit xizmatlari mavjud bo‘lmagan vazirlik va idoralar bo‘yicha tanlangan budjet tashkilotlarida nazorat tadbirlari Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 5 ish kuni mobaynida (25-dekabrga qadar) “Davlat auditi” dasturida e’lon qilinadi. Fuqarolar tomonidan vakolatli tuzilmalar faoliyati samaradorligini baholash, nazorat tadbirlari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilingan chorakdan keyingi chorak birinchi oyining 20-sanasiga qadar (2023-yil 1 – 20-yanvar) “Davlat auditi” dasturida amalga oshiriladi. Bunda, baholash 1 dan 5 gacha (1 eng past va 5 eng yuqori ball) butun sonlardagi shkala asosida baho berish orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, baholash natijalarining o‘rtacha bahosidan kelib chiqib, vazirlik va idoralarning Ichki audit xizmati xodimlari belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi yoki qonunchilikda belgilangan ko‘rinishda choralar qo‘llaniladi. Bunda, 10 nafardan kam fuqarolar tomonidan baholangan nazorat tadbirlari baholash natijalarining o‘rtacha bahosini hisoblashda inobatga olinmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Fuqarolar ishtirokidagi audit” tizimidan foydalangan holda budjet mablag‘larini budjet tashkilotlari tomonidan maqsadli va samarali sarflanishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish jarayonida bilvosita ishtirok etishda faol bo‘lishingizni so‘raymiz!