Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Biz sizni eshitamiz” loyihasi doirasida “Farmatsevtika sohasidagi yuzaga kelayotgan muammolar hamda aholini sifatli va arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash” mavzusida ochiq muloqotni o‘tkazdi.
Ochiq muloqotdan ko‘zlangan maqsad, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchilar uchun dori vositalarining bozorda tanqisligi yuzaga kelishini oldini olish, sohada raqobatni rivojlantirish, raqobatga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishdan iboratdir.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil
26-oktabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ–411-son qarori yuzasidan Qo‘mitaga “FAIR TECH” yagona axborot tizimi orqali kelib tushayotgan arizalar hamda kunda aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yaxshilashga doir qaratilgan bir qator amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Xususan, joriy yilda Qo‘mitada mazkur sohada iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida ishlarni jadallashtirish maqsadida Tibbiyot va farmatsevtika sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘limi tashkil etildi.
Ochiq muloqotda shu bilan bir qatorda jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid chekining fiskal belgisi matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dori vositalari narxlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtirish tartiblari haqida tushunchalar ham berib o‘tildi.
Tadbirda Raqobat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi, manfaatdor idora hamda tashkilotlar, dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari tomonidan dori vositalarini ro‘yxatga olishdagi qiyinchiliklar, bojxonada dori vositalarini rasmiylashtirishdagi muammolar, sertifikatlashtirish idorasiga taqdim etiladigan dori vositalari miqdorini qayta ko‘rib chiqish lozimligi, referent narx shakllantirish tartibi va tizimi yuzasidan takliflar kiritildi.
Xususan, chet el farmatsevtika kompaniya va ishlab chiqaruvchi vakolatxonalarining uyushmasi tomonidan referent narxlarni shakllantirishda sertifikatlash xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
Shuningdek, dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan dori vositasiga narx shakllantirish uchun tadbirkorlarni qo‘shimcha ovoragarchiligiga yo‘l qo‘ymasdan, qo‘shimcha hujjatlarni talab etmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida shakllantirish, markirovkalash tizimini takomillashtirish yoki ushbu tizim uchun to‘lovlarni maqbullashtirish taklif etildi.
Yuqoridagi tadbirkorlik subyektlarining takliflari amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va tegishli qoidalarni soddalashtirish uchun Qo‘mita tomonidan ishchi dasturiga kiritildi.