Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan davlat xaridlari sohasini nazorat qilish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 75-moddasida, Oʻzbekiston Respublikasi Raqobat qoʻmitasi ushbu Qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishi belgilandi.
Qoʻmita tomonidan vakolat doirasida xaridlar ijrochilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy monitoring qilish orqali xaridlar jarayonida raqobatga taʼsir etuvchi omillar bartaraf etib kelinmoqda.
Xususan:
2022-yil yakuni boʻyicha davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan oʻtkazilgan 31 926 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Shu jumladan, 2022-yilda jami amalga oshirilgan 91 016 ta elektron tanlov (tender) lardan 23 757 tasi (yaʼni 26,1%) qoʻmita tomonidan masofaviy oʻrganilgan.
Tahlil natijasida davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan 6 201 ta savdolar jarayonida (yaʼni 19,4% da) 8 698 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlariga quyidagicha taʼsir choralari koʻrilgan:
5 507 ta qonun buzilishi holatlari boʻyicha huquqiy baho berish uchun huquq tartibot va boshqa organlariga maʼlumotnomalar kiritilgan;
235 ta qonun buzilishi holatlari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan;
2 956 ta holat boʻyicha Qoʻmita tomonidan 620 ta ish qoʻzgʻatilib, 530 ta koʻrsatmalar berilgan hamda 412 ta mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, Qoʻmita tomonidan doimiy ravishda davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, qonunbuzilishlarni oldini olish, davlat xaridlari subyektlariga teng imkoniyatlar yaratish, kichik biznes subyektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng jalb qilish hamda qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻygan subyektlar javobgarligini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.
Xususan,
Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish hamda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartiblarini inson omili aralashuvini istisno etuvchi mezonlar asosida yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Yangi tartibga koʻra:
xarid komissiyasi faoliyati bekor qilinib, uning funksiyasi platforma tomonidan avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilandi;
davlat buyurtmachisi va pudrat tashkilotining, hamda pudrat tashkilotlarining oʻzaro affillanganlik xususiyatini avtomatik ravishda aniqlash va bartaraf etuvchi tizim joriy qilindi;
inson omili aralashuvidan holi, davlat idoralari maʼlumotlari bazalariga integratsiya qilingan reyting tizimi joriy qilindi.
Shu oʻrinda tadbirkorlik subyektlari hamda davlat buyurtmachilarini davlat xaridlari jarayonida raqobatga zid harakatlarni sodir etmaslikka undagan holda qonunbuzilish uchun javobgarlik muqarrarligini eslatib oʻtamiz.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Axborot xizmati